Uzbek Tigers yarim professional boks klubi Jahon boks seriyasi javob uchrashuvi doirasida Kuba jamoasi bilan uchrashadi. Uchrashuv Kuba poytaxni Gavanada 20 may kuni 5:30 da (Toshkent vaqti bilan) bo‘lib o‘tadi.

52 kg: Yosvani Veytiya — Jasurbek Latipov

Osiyo chempioni va ikki karra jahon chempionati sovrindori 25 yoshli Jasurbek Latipov (1−0) hal qiluvchi jangda ikki karra JCH sovrindori, Markaziy Amerika va Karib havzasi o‘yinlari chempioni 25 yoshli Yosvani Veytiya (20−3) bilan bahsga kirishadi.

64 kg: Lasaro Alvares Estrada — Elnur Abduraimov

2015 yilda Osiyo chempionati bronza medali sohibi 22 yoshli Elnur Abduraimov (6−2) yaqindagina OCH oltin medalini ham qo‘lga kiritdi. U WSB chorak finalida uch karra jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlarining ikki karra bronza medali sohibi Lasaro Alvares Estrada (22−1) bilan bellashadi. Bokschilar 2015 yilgi JCH yarim finalida ham uchrashgan, o‘shanda kubalikning qo‘li baland kelgan edi.

69 kg: Ronel Iglesias — Shahram G‘iyosov

23 yoshli Shahram) G‘iyosov (1−2) o‘tgan yili boks olamidagi asosiy qahramonlardan biri bo‘lgan edi. 2016 yilgi Olimpiada kumush medali sohibi Krishtianu Ronaldu uslubida g‘alabani nishonlagan bokschi bu safar ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori va jahon chempioni 28 yoshli Ronel Iglesias (18−4) bilan uchrashadi. Olimpiada chorak finalida ular bellashgan, o‘zbekistonlik bokschi ishonchli g‘alabaga erishgan edi.

81 kg: Xulio Sesar la Krus — Bektemir Meliqo‘ziyev

Nankindagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Osiyo chempioni, jahon va OO‘-2016 vitse-chempioni 21 yoshli Bektemir Meliqo‘ziyev (2−1) uch karra jahon chempioni, so‘nggi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi 27 yoshli Xulio Sesar la Krus (19−3)ga qarshi ringga ko‘tariladi.

+91 kg: Xose Larduyet Gomes — Bahodir Jalolov

22 yoshli Bahodir Jalolov (1−1) yaqindagina bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 27 yoshli Xose Larduyet Gomes (5−2) bilan jang olib boradi.

+91 kg: Yoandri Toirak — Mirzobek Hasanov

23 yoshli Mirzobek Hasanov (3−1) 22 yoshli charm qo‘lqop sohibi Yoandri Toirak (3−2) qarshiligini yengib o‘tishi talab qiladi. Biroq bu jang ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra g‘olib aniqlanmasdan, hisob teng bo‘lib qolganda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi uchrashuv Uzbek Tigers foydasiga 3:2 natija bilan tugagan edi.