O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Unitel (Beeline), Coscom (Ucell), Uzmobile va Universal Mobile Systems (UMS) mobil operatorlari vakillari radiochastota polosalarini qayta taqsimlash to‘g‘risidagi qarorga o‘z izohlarini berishdi. Eslatib o‘tamiz, Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 31 martdagi qarori bilan 900 / 1800 MGs diapazondagi polosalar to‘rtta operator o‘rtasida teng taqsimlanadiганbўлди.

Chorshanba kuni Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v. b. Sherzod Shermatov (suratda — markazda) mazkur choralar mobil aloqa sohasida raqobat muhitini kengaytirish va kuchaytirish, shu jumladan LTE (4G) standarti xizmatlarini ko‘rsatishda operatorlar uchun teng imkoniyatlarni taqdim etishga qaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘zbekiston aholi punktlarining 1 foizigina LTE bilan qoplangan paytda nima qilish kerak? Raqobat muhitini kuchaytirish lozim. Sodda qilib aytganda, oldingizda keng yo‘l, sizda esa uchinchi avlodga mansub uncha katta bo‘lmagan yuk bor, biroq kimdir yo‘lning ma’lum qismini egallab olgan. Orqadan to‘rtinchi avlod operatorlari kelmoqda. Biroq siz ularga yo‘l bermaysiz. Agarda barcha yo‘llar ochiq bo‘lsa, yaxshi yuki bo‘lgan barcha yura oladi», — dedi vazir v. b.

Beeline kompaniyasining tashqi aloqalar va kommunikatsiya bo‘yicha direktori va Buzton QK bosh direktori Oraz Abdurazakov qabul qilingan qarorga nisbatan o‘z xavotirini bildirdi. Kompaniya fikricha, bu xizmatlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Modomiki biz chastotalarning eng katta to‘plamiga ega ekanmiz, spekr bizdan boshqa uch kompaniya foydasiga qayta taqsimlanadi. Ham kompaniya ichidagi, ham bosh qarorgohdagi mutaxassislarimizda qator savollar vujudga keldi. Ular mazkur vaziyat xizmat sifati va darajasiga ta’sir ko‘rsatmasligi uchun 9,5 mln abonentlar masalasida xavotirlarimizga asos bo‘lmoqda», — dedi u.

Qarorni muhokama qilish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ishchi guruhi tashkil etilgan. Vazir o‘rinbosari Umidjon A’lamov rahbarligidagi birinchi yig‘ilish 16 may kuni bo‘lib o‘tdi, navbatdagisi 18 mayga belgilangan.

«Mazkur guruh doirasida biz yo‘l xaritasi: buni qanday amalga oshirishni muhokama qilamiz. Ehtimol bu viloyatdan viloyatga geografik o‘tish orqali bo‘lar, balki vaqt yetishmas, biroq regulyator olg‘a intilish va o‘z muddatida murosaga erishishga tayyor. Ertaga biz yig‘ilamiz va barcha to‘rt operator o‘z takliflarini taqdim etadi», — dedi Oraz Abdurazakov.

Ucell kompaniyasining korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Kamola Ikromova Respublika kengashining qarori aholi punktlariga tarmoqni olib borishda har bir mobil operatoriga yangi imkoniyatlar taqdim etishini ta’kidlab o‘tdi: «Albatta, bu bizning har bir uy, har bir oilaga kirib borishimiz uchun yangi imkoniyat. Shuning uchun biz o‘z takliflarimizni tayyorlaymiz. Yaqin kunlarda kompaniyamiz ularni e’lon qiladi».

Universal Mobile Systems bosh direktori Srajiddin Faxrutdinov kompaniyaning radiochastota polosalarini qayta taqsimlashga texnik jihatdan tayyor ekanini ta’kidladi: «Kompaniyamizda tegishli ishlar olib borilmoqda. Radiochastotalar polosalarini qayta taqsimlashga texnik jihatdan tayyormiz, biz ish hajmini qo‘shimcha kapital xarajatlarsiz to‘rt barobarga oshira olamiz. Qayta taqsimotdan so‘ng biz viloyatlarda ham LTE standartlarini joriy eta olamiz», — dedi u.

Uzmobile direktori Vladimir Kravchenko ham qaror operatorlarga mamlakatning barcha hududlarini 4G standarti bilan qamrab olish uchun yangi imkoniyatlar berishini ta’kidlab o‘tdi. «Bu raqobat uchun katta turtki beradi. Albatta, ayrim kompaniyalarga bu salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq to‘g‘ri tushunish lozimki, mazkur choralar raqobatni rivojlantirish, mobil aloqa sohasini rivojlantirishga qaratilgan», — deya qayd etib o‘tdi u.