O‘zbekiston 2021 yilga qadar neft-gaz sohasida umumiy hajmi 30,4 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda chorshanba kuni Toshkentda ochilgan Global Oil&Gas Uzbekistan 2017 xalqaro ko‘rgazmasida so‘z bordi.

2016 — 2020 yillarda umumiy qiymati 30,4 mlrd dollarlik uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida tashqi bozorlarda talab qilinadigan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan dastur neft-gaz sohasini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha 78 ta loyihani o‘z ichiga oladi.

Yirik loyihalar qatorida «Mustaqillikning 25 yilligi» konida Surxondaryo viloyatida qiymati 5,8 mlrd dollar bo‘lgan gazni qayta ishlash majmuasi qurilishini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha razvedka va qazib olish ishlari, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi bazasida 3,7 mlrd dollarga sintetik yonilg‘i (GTL) ishlab chiqarish, Jizzax viloyatida 2,2 mlrd dollarga yangi neftni qayta ishlash zavodini bunyod etish o‘rin olgan.

«Mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga 15 turdagi yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish kutilmoqda. Ular — polivinilxlorid, ABS-plastik, sintetik kauchuk, aromatik uglevodorodlar, superabsorbent», — dedi «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Alisher Sultanov ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan konferensiya ochilishida.