Seshanba kuni Toshkentga kelgan daniyalik arxitektor Yan Geyl chorshanba kuni arxitektorlar va talabalar uchun zamonaviy jahon arxitekturasi to‘g‘risida qisqa seminar o‘tkazdi.

Shuningdek u poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonov hamrohligida Hazrati Imom majmuasini ko‘zdan kechirdi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent metrosi va «Qatag‘on qurbonlari» yodgorlik majmuiga tashrif buyurdi.

Shahar muhiti sifati va jamoat joylarini loyihalashtirish masalalari bo‘yicha jahonda tan olingan ekspert seminarda so‘zga chiqar ekan, unga bor-yo‘g‘i bir kuni o‘tgan O‘zbekiston poytaxti haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini qayd etdi. Biroq keyinroq dastlabki taassurotlarini o‘rtoqlashdi.

«Men faqatgina bir narsani aytishim mumkin, sizlar asfaltdan juda ko‘p foydalanar ekansiz», — deya o‘zining ilk taassurotini aytib o‘tdi Yan Geyl.

«Agarda men shahar meri bo‘lganimda, men asfaltlarni olib tashlagan, ko‘chalarni jamoatchilik uchun maskanga aylantirgan bo‘lardim», — dedi u.

«Menga avvallari Toshkentda tirbandliklar juda kam bo‘lganini aytishdi. Shahar hokimi menga shunday raqamlarni keltirdi: har yili Toshkentda avtomobillar soni 35 mingtaga ko‘payar ekan. Sizni ishontirib ayta olamanki, tez orada Moskva darajasiga [tirbandliklar] yetishasizlar, — dedi arxitektor.

«Rivojlantirishning muqobil strategiyasi juda ham muhim», — deya qayd etdi u.

«Gazeta.uz» muxbiri savoliga javob qaytarar ekan, Yan Geyl kelgusi kuni u va Toshkent ma’muriyati bilan qanday hamkorlik olib borilishi ma’lum bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zining 50 yillik faoliyati davomida professor Yan Geyl shaharlarda odamlar uchun jozibakor va qulay muhitni yaratishga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. U Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melbrun va boshqa shaharlarda ko‘chalar va jamoat joylarini qayta qurishdagi xizmatlari uchun ko‘plab mukofotlarga loyiq ko‘rilgan. Uning muallifligidagi oltita asar, jumladan «Odamlar uchun shahar» nashri 35 tilga tarjima qilingan.