Andijon viloyatida ommaviy zaharlanish sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 15 may kuni Shahrixon tuman Markaziy shifoxonasiga 212 kishi ovqatdan zaharlanish alomati (ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ichburug‘) bilan murojaat qilgan.

Ularning 186 nafari dastlabki «Oziq-ovqat toksikoinfeksiyasi. O‘tkir gastroentrit» tashhisi bilan shifoxonaning turli bo‘limlariga yotqizildi.
Barcha jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.17 may 8:00 ga borib 153 kishiga ruxsat berildi. Ayni paytda 33 kishi statsionar sharoitda davolanmoqda, ular ahvoli bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda, deya qayd etdi FVV.
Barcha jabrlanganlar zaharlanishdan avval kun davomida Shahrixon markazidagi xususiy tadbirkor R.Rahimovga tegishli bo‘lgan «Maks» savdo nuqtasidan sotib olingan muzqaymoqni iste’mol qilgan.
Ovqatdan ommaviy zaharlanish sabablarini o‘rganish va zarur konsultativ yordam ko‘rsatish maqsadida Shahrixonga 15 maydan buyon Bosh davlat sanitariya shifokori Saidmurod Saydaliyev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus ishchi guruhi ish olib bormoqda.
Shahrixondagi epidemiologik vaziyat nazorat ostida.