O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 10 maydagi қарорbilan O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari o‘quv xonalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqladi.

Texnik reglament o‘quv binolari ichida va tashqarisida vujudga keluvchi zararli omillarning ta’lim oluvchilar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga mo‘ljallangan. U auditoriyalar, laboratoriya kabinetlari, mashg‘ulotlar xonalari, kutubxonalar o‘quv zallari, axborot-resurs markazlari kompyuter zallari va sport zallari uchun taalluqli.

Hujjatga muvofiq, o‘quv binolari yoki ularning alohida qismlari foydalanish jarayonida hayotiy faoliyat xavfsizligi talablariga muvofiq kelishi shart. Jumladan, ishonchlilik, mustahkamlik, chidamlilik, deformatsiyalarga bardoshlilik, sanitar qoidalar va normalarga muvofiqlik hamda ta’mirga yaroqlilik bo‘yicha loyihaviy va normativ-texnik hujjatlarga mos kelishi lozim.

Reglament bilan o‘quv binolari mikroiqlim, qurilish va pardozlash ishlari talablari, bo‘yoqlar rangi, o‘simliklardan foydalanish, yoritish ko‘rsatkichlari, tashqi shovqin darajasi parametrlari belgilandi.

O‘quv binosining bir o‘quvchi uchun ajratiluvchi normativ maydoni, shuningdek issiqlik ta’minoti, isitish, ventilyatsiya, suv ta’minoti va kanalizatsiya me’yorlari o‘rnatildi.

Barcha o‘quv binolari avtomatik yong‘indan ogohlantirish tizimi o‘rnatilishi shart (avtomat yong‘in o‘chirish tizimi mavjud binolardan tashqari).

Reglament olti oydan so‘ng kuchga kiradi.