100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik bolalar guruhi Turkmanistonning «Avaza» Milliy turistik zonasiga yetib bordi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) xabar qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov taklifi bilan qo‘shni mamlakatga bordi. Bu haqda may oyi boshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali suhbatda so‘z borgan edi.

TDH xabariga ko‘ra, o‘sha vaqtda turkman rahbari Kaspiyning Turkmaniston hududidagi ekologik toza sohilida bunyod etilgan bolalar sog‘lomlashtirish markazlari, kottej majmualari va serhasham mehmonxonalar o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining dam olishlari uchun qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.

Buxoro, Navoiy, Xorazm va Qoraqalpog‘iston bolalari «Dayanch» bolalar sog‘lomlashtirish markaziga joylashtirildi. Hordiq davomida Avaza mehmonlari uchun kurort bo‘ylab ekskursiya, madaniy va sport tadbirlari, yengil atletika va suzish bo‘yicha musobaqalar, tanlovlar, viktorinalar adabiy kecha va sayohatlar tashkil etiladi.

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Avazda 25 mayga qadar bo‘ladi.