«O‘zavtosanoat» kompaniyasi va «Pejo Sitroyen» (PSA Peugeot Citroën) guruhi Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive qo‘shma korxonasini ochish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Kelishuv 16 may kuni Toshkentda imzolandi, deb xabar qildi «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ishlab chiqarish korxonasi «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasi hududida bunyod etiladi. Zavod Peugeot va Citroyon brendlari ostida yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi.

Ustav kapitali 30 mln yevroga teng qo‘shma korxona har ikki tomonning teng ulushi asosida faoliyat yuritadi. Loyiha bo‘yicha umumiy investitsiya qariyb 130 mln yevroga teng.

«Pejo Sitroyen» guruhi yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini joriy qilishda va mutaxassislar malakasini oshirishda ko‘mak ko‘rsatadi. Zavod ishlab chiqarishni boshqarish, mahsulot sifati, yetkazib berish va savdo masalalarida «Pejo Sitroyen"ning zamonaviy tizimi bo‘yicha ish olib boradi.

Shu bilan birga, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni jalb qilish yo‘li bilan birinchi yilning o‘zidayoq yangi qo‘shma korxonada 50 foiz mahalliy mahsulotlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda «O‘zavtosanoat» AK tarkibida 30 ga yaqin yirik zavodlar va 160 dan ortiq o‘rta va kichik korxonalar aynan mahalliylashtirish dasturi asosida ish olib boradi.

Qurilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxonada yiliga 16 ming avtomobil ishlab chiqariladi. Ularni O‘zbekistonda, shuningdek, uzoq va yaqin xorij davlatlaridagi eksport bozorlarida sotish rejalashtirilmoqda.

«Yengil tijorat avtomobillari segmenti O‘zbekistonda o‘zlashtirilmagan yagona transport vositasining turi edi», — deya ta’kidladi «O‘zavtosanoat» AK boshqaruvi raisining o‘rinbosari Rustam Yusupov. — Ushbu loyihaning tatbiq etilishi mahalliy avtomobil sanoati rivojida yana bir dadil qadam bo‘ladi. Aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi yangi qo‘shma korxona O‘zbekiston sanoatining yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi".

«Ushbu loyiha bizning 5 yillikka mo‘ljallangan taraqqiyot dasturimizga to‘la mos keladi va bu „Pejo Sitroyen“ Gruppasi uchun yengil tijorat avtomobillarining savdosini rivojlantirish va hududiy kengayish uchun yana bir katta imkoniyatdir. Biz qo‘shma korxona tashkil etilishida asosiy faktor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan qo‘llab-quvvatlashlarini hamda o‘zbek hamkorlarimiz bilan konstruktiv muloqotni juda yuqori baholaymiz», — deya e’tirof etdi «Pejo Sitroyen» guruhi vitse-prezidenti Kristof Berjeran.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi 1994 yilning 17 mart sanasida tashkil etilgan. Hozirda uning tarkibida 75ta yirik va o‘rta korxona hamda kompaniyalar, jumladan, Janubiy Koreya, Turkiya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, AQSH va MDH davlatlari texnologiyasi va sarmoyasi asosidagi kompaniyalar mavjud. AJning asosiy faoliyat doirasi — yengil avtomobillar, avtobuslar, yuk tashuvchi avtomobillar va butlovchi qismlar ishlab chiqarish. Kompaniyada 24 mingdan ziyod xodim ishlaydi.

PSA guruhi Peugeot, Citroën va DS brendlari ostida avtomobillar ishlab chiqaradi. Shuningdek, Free2Move markasi ostida xilma xil mobil va intellektual xizmatlarni ko‘rsatadi. Guruh moliya sektorida (PSA Finance banki), avtomobil komponentlari (Faurecia) ishlab chiqarish sektorida ham faoliyat ko‘rsatadi. 2016 yilda konsern daromadi 54 mlrd yevroni tashkil etdi.