15 may kuni poytaxtda «O‘zbekiston madaniy merosi — xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» Xalqaro ilmiy anjumani ish boshladi. Ilmiy forumning ikkinchi kuni Samarqandda bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston hududida yaratilgan va dunyo muzeylarida saqlanayotgan noyob moddiy va badiiy ob’ektlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

«O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» media-loyihasi kongressning asosiy hodisasi sifatida e’tirof etildi.

Tadbirda «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumida o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilingan birinchi besh kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ular Davlat Sharq muzeyi (Moskva), Rossiya etnografiya muzeyi (Sankt-Peterburg), Davlat Tretyakov galereyasi (Moskva)dagi o‘zbek kolleksiyalari, jahon to‘plamlaridagi (Avstraliya, Kanada, AQSH va boshqa) O‘zbekiston gilam va kashtalari, Rossiya milliy kutubxonasidagi (Sankt-Peterburg) Alisher Navoiy qo‘lyozmalariga bag‘ishlangan.

Bundan tashqari, Sharq qo‘lyozmalari instituti (Sankt-Peterburg), Davlat Ermitaji (Sankt-Peterburg), Davlat tarix muzeyi (Moskva)dagi kolleksiyalar, jahon to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi va O‘zbekiston gilamchiligi to‘g‘risidagi beshta sinov albomi namoyish etildi.

Kongress dunyoning 40 mamlakatidan 140 nafardan ziyod olimlar, ekspertlar, diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda 50 nafardan ortiq milliy ilm-fan vakillarini o‘zida jamladi.