Seshanba kuni Toshkentga jahonga mashhur arxitektor va shahar dizayni bo‘yicha maslahatchi Yan Geyl tashrif buyurdi, deb xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan to‘rt kunlik tashrif davomida Geyl Samarqandga ham boradi.

Shaharlarda hayot sifatini yaxshilash va jamoat joylarini rejalashtirish bo‘yicha tan olingan mutaxassis Toshkent hukumati uchun tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida Toshkent bilan tanishadi. U zamonaviy jahon arxitekturasi to‘g‘risida seminar-trening ham o‘tkazadi.

O‘zining 50 yillik faoliyati davomida professor Yan Geyl shaharlarda odamlar uchun jozibakor va qulay muhitni yaratishga ta’sir ko‘rsatdi. U Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melbrun va boshqa shaharlarda ko‘chalar va jamoat joylarini qayta qurishdagi xizmatlari uchun ko‘plab mukofotlarga loyiq ko‘rilgan.