Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi 6−13 may kunlari davomida yo‘l harakati qoidalarini eng ko‘p buzganlar reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatning birinchi beshligidan o‘rin olgan to‘rtta avtomobil poytaxtdagi korxonalarga, bittasi esa Toshkent hokimiyatiga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Reytingda foto va video qayd etish kameralari 17 marotaba tasvirga olgan Malibu (davlat raqami belgisi 01 216 WDA) birinchi bo‘ldi. Bunda 16 marotaba belgilangan tezlikdan oshish qayd etilgan bo‘lsa, bir marta svetoforning taqiqlovchi ishorasiga rioya qilinmagan. Avtomobil poytaxtning Chilonzor tumanida ro‘yxatga olingan GOLD AIR TRAVEL korxonasiga tegishli. Jarimaning umumiy qiymati 8,087 mln so‘mdan ziyodroqni tashkil etdi.

Ikkinchi o‘rinda — Lacetti (davlat raqami 01 305 YDA) BILOL MYAGKAYA KROVLYA MCHJga tegishli.Mazkur avtomobilni boshqargan shaxs 13 marta YHQni buzgan. 11 marta tezlikni oshirgan bo‘lsa, ikki marotaba «qizil"dan o‘tib ketgan. Jarima 2,8 mln so‘mni tashkil etadi.

Toshkent shahar hokimligining Ma’muriy binolardan foydalanish direksiyasiga tegishli «Epika» rusumli avtoulov (davlat raqami 01 206 TVA) haydovchisi 12 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzdi. U chorrahalarda 7 marta «qizil"dan o‘tgan, 5 marta tezlikni oshirgan. Mazkur qoidabuzarliklar uchun 2,8 mln so‘mdan ziyod miqdorida jarima to‘laydi.

Olmazor tumanidagi Orange taxi MCHJga qarashli Nexia (davlat raqami 01 270 TTS) 11 marta kameralar tomonidan qayd etilgan. Marta tezlikni oshirgani, 3 marta svetoforning taqiqlovchi signaliga rioya qilmagani uchun 2,096 mln so‘mdan ziyodroq jarima to‘lanadigan bo‘ldi.

Beshlikni Sergeli tumanida ro‘yxatdan o‘tgan MCHJ shaklidagi Global Building Machinery korxonasiga tegishli Malibu (davlat raqami 01 077 VDA) yakunlab berdi. Avtomobil to‘qqiz marotaba qoida buzilishi bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Sakkiz marta tezlikni oshirganlik, bir marta «qizil"dan o‘tganlik uchun 2,69 mln so‘mdan ziyodroq jarima to‘lanishi belgilandi.