Pekinda 14 may kuni «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumi ish boshladi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda, deb xabar qildi O‘zA.

Asosiy tashabbuskori Xitoy bo‘lgan ushbu loyiha ikki va ko‘p tomonlama aloqalar mexanizmlarini yanada mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik va taraqqiyotning yangi modellarini shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi.

Bu loyihada O‘zbekistonning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz davlatlararo savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta o‘rin tutgan.

Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab rivojlanish tendensiyalarini davom ettirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish mazkur forumning asosiy maqsadidir.

Forumda 30 ga yaqin mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, 130 ga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanda BMT Bosh kotibi, Jahon banki prezidenti va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashmoqda.

Forumni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ochdi. Xitoy rahbari forumda ishtirok etayotgan barcha davlat rahbarlariga minnatdorlik bildirib, mazkur loyihaning ahamiyati, maqsad va vazifalar haqida so‘zladi.

«O‘n minglab chaqirim masofaga cho‘zilgan qadimgi Ipak yo‘li ming yillar davomida Ipak yo‘li ruxini shakllantirgan, — dedi u. — Tinchlik va hamkorlik, ochiqlik va inklyuzivlik, bir-biriga ta’sir ko‘rsatish va o‘zaro manfaatdorlik —Ipak yo‘li ruxining asosini tashkil etadi».