Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashiGSM standartida ishlovchi O‘zbekistondagi to‘rtta mobil operatori o‘rtasida 900 / 1800 MGs diapazondagi radiochastota polosalarini qayta taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad respublikada radiochastota resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashdan iborat.

Bugungi kunda 900/1800 MGs diapazondagi radiochastotalar Unitel (Beeline), Coscom (Ucell) operatorlari, «O‘zbektelekom» kompaniyasi «Uzmobayl» milliy operatori (Uzmobile) va Universal Mobile Systems (UMS) mobil aloqa operatori o‘rtasida taqsimlangan.

Biroq operatorlar teng bo‘lmagan miqdordagi radiochastota hajmiga ega edi. Radiochastota polosalari mobil aloqa operatorlari o‘rtasida uzuq-yuluq o‘lchamda, diapazonning turli qismlarida ajratilgan edi.

«Radiochastota polosalarining bu taxlit taqsimlanishi LTE (Long-Term Evolution) texnologiyasining 4 avlod (4G) mobil aloqa standartini joriy qilishga to‘sqinlik qiladi. Mazkur standart mobil aloqa tarmoqlarida har qanday ko‘rinishdagi (ovozli, fayl va video) ma’lumotlarni yuqori tezlikda almashish uchun jahon miqyosida joriy qilinmoqda. LTE standarti esa yuqori tezlikda ma’lumot almashishda kengligi 10 dan 20 MGs gacha bo‘lgan yaxlit chastota polosalarini talab etadi», — deyiladi xabarda.

Ayrim mobil aloqa operatorlarida chastota hajmining kam miqdorda bo‘lishi mobil aloqa xizmatlarining talab darajasida sifatli ko‘rsatilmasligiga olib keladi.

Mazkur qaror operatorlarga radiochastota spektrlaridan foydalanish bo‘yicha teng raqobat sharoitini yaratib berish, LTE texnologiyasini tezkor rivojlantirish uchun ularning radiochastotalardan qulay va samarali foydalanishlarini ta’minlash, mamlakatda mobil aloqa xizmati sifatini oshirishga zamin yaratadi.

Kengashning mazkur qaroridagi vazifalarni ta’minlashda mobil aloqa abonentlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarning oldini olish maqsadida, mobil operatorlarga aloqa tarmoqlarini qayta muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishlari uchun 6 oy vaqt beriladi.