Xitoyda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlarining ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari, so‘ngra tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan qutlar ekan shunday dedi: «Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin yaratadi. 2016 yilda Buxoroda bo‘lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi».

O‘zbekiston Prezidenti XXR rahbari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar qator hujjatlarni imzoladi va munosabatlarda yangi bosqich boshlanganini qayd etishdi.

Foto: Yolqin Shamsiddinov / O‘zA

«O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida qat’iy borayotgan mamlakat sifatida biladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan.

2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa tovarlarga talab katta.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018−2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.

«O‘zbekneftgaz» xolding kompanyasi raisi Alisher Sultonovning «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturiga bergan intervyusida xabar qilishicha, neft-gaz sohasida umumiy qiymati 5 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 10 ta hujjat imzolandi. Ular orasida Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘rta muddatli shartnoma, energiya tejamkorligi va energiya iste’molini kamaytirish masalalari bo‘yicha juda dolzarb loyiha mavjud.

«Gazeta.uz» manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» va Xitoy Davlat taraqqiyot banki «Sho‘rtangaz GKM tozalangan metani bazasida sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish» loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha 1,2 mlrd dollarlik shartnomani imzoladi. Shuningdek neft-gaz sohasidagi investitsion loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi 1 mlrd dollarlik shartnoma ham imzolangan.

O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyevning O‘zAga xabar qilishicha, xitoylik sheriklar bilan O‘zbekistonda gidroenergetikani rivojlantirish to‘g‘risida shartnoma imzolanib, unga ko‘ra 3 mlrd dollarga yaqin investitsiya jalb qilinadi. O‘zbekistonda 299 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha kelishuv ham imzolandi.

Buxoro hokimi Ixtiyor Farmonov Buxoro va Loyan shaharlari o‘rtasidan birodarlik aloqalari to‘g‘risidagi Memorandum imzolangani to‘g‘risida ma’lum qildi.