Uzbek Tigers yarim professional boks jamoasi Jahon boks seriyasi (WSB) chorak finalida musobaqaning ikki karra g‘olibi — Cuba Domadores bilan uchrashuv o‘tkazadi. Birinchi besh bellashuv 13 may kuni 20:00 da Samarqandda, javob uchrashuvi esa 19 may kuni Gavanada bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi WSB o‘z saytida.

Kechaning asosiy janglaridan birida 23 yoshli olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov (13−0) 20 yoshli Olimpiya o‘yinlari-2016 bronza medali sohibi Xoanis Arxilagosga (11−4) qarshi ringga ko‘tariladi.

22 yoshli Olimpiada-2016 «bronza"si sohibi Murodjon Ahmadaliyev (2−2) 20 yoshli Xaver Ibanes (4−0) bilan kuch sinashadi.

20 yoshli Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorov (0−0) WSB’da 21 yoshli Endi Krusga (8−1) qarshi debyut uchrashuvini o‘tkazadi.

Toshkentda o‘tgan Osiyo birinchiligida oltin medalni qo‘lga kiritgan 22 yoshli Isroil Madrimov (2−0) esa amaldagi jahon va Olimpiada chempioni 24 yoshli Arlen Lopes (15−4) qarshiligini yengib o‘tishi kutilmoqda.

Sanjar Tursunov (0−0) besh raundlik formatda ilk bor Olimpiada bronza medali sohibi Erislandi Savon (23−1) bilan bellashadi.

Juftliklar tarkibi

49 kg: Hasanboy Do‘smatov — Xoanis Arxilagos;

56 kg: Murodjon Ahmadaliyev — Xaver Ibanes;

64 kg: Iqboljon Xoldarov — Endi Krus;

75 kg: Isroil Madrimov — Arlen Lopes;

91 kg: Sanjar Tursunov — Erislandi Savon.