Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali Toshkent Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘linmalarida bir oy ichida elektron navbat tizimi joriy etiladi.

Bu haqda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi rahbari Sherzod Xabibullayev «Gazeta.uz"ga xabar qildi. ayni paytda xizmatni sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Infratuzilma yaratib bo‘lindi, ekotizim tayyor, ehtimoliy xato va kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish uchun sinov davrini yakunlash qoldi», — dedi markaz rahbari.

«Hozirda biz fuqarolar xizmatlarga internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari va tuman bo‘limiga belgilangan vaqtda aniq kabinetga kelishlari uchun elektron to‘lovni joriy etish ustida ish olib borayapmiz», — deya ta’kidladi u.

Pasport, fuqarolik va kirish-chiqishni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xizmatlardan foydalanish uchun elektron navbat Toshkentda sinovdan o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekistonning boshqa hududlariga ham tadbiq etiladi.

Portalning my2.gov.uz manzilidagi yangi 2.0 talqini xizmatlar soni, ularning ayrimlari uchun elektron to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga egaligi va boshqa jihatlari bilan farqlanadi. Shaxsiy kabinetda foydalanuvchi endilikda zarur xizmatlar ro‘yxatini mustaqil ravishda shakllantirishi mumkin.