Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ikki tilda faoliyat yurituvchi guvd.uz saytini test holatida ishga tushirdi.

“Saytda Toshkent IIBB tomonidan o‘tkaziluvchi tadbirlar o‘z aksini topadi, u yerda barcha qiziqtirgan masalalar bo‘yicha murojaat qilish mumkin”, — deya xabar berdi IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Hozircha saytda yangiliklar, boshqarma rahbariyati to‘g‘risida axborotlar va fuqarolarni qabul qilish jadvallari joylashtirilgan, murojaatlar holatini tekshirish bo‘limi mavjud.

“Eng ko‘p beriluvchi savollar”, “Qidiruvdagi shaxslar”, “Bedarak yo‘qolganlar” bo‘limlari dasturlash jarayonida.

Sayt mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan bo‘lib, 102 (hodisalar haqida xabardor qilish) va 1102 (IIVga xodimlarning noqonuniy faoliyati ustidan shikoyat qilish) raqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Doniyor Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, ichki ishlar organlari faoliyati ochiqlik va oshkoralikka asoslangan bo‘lib, IIV tizimida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar fuqarolar ishonchini mustahkamlash hamda xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.