Fitch Ratings agentligi tomonidan reytingi yuritiluvchi O‘zbekistonning ko‘pchilik banklari hukumat valyuta bozorini liberallashtirish va almashinuv operatsiyalari ustidan nazoratni yengillatishni rejalashtirayotgan o‘rta istiqbolda ehtimolli bo‘lgan so‘m kursining pastlashuviga bardoshli. Shu vaqtning o‘zida qator banklar milliy valyutaning sezilarli darajada pastlashuviga zaif. Bu haqda agentlikning yangi hisoboti ilova qilingan press-relizda so‘z boradi.

Fitch O‘zbekiston banklarining turli ssenariylarda so‘m kursi pastlashuviga bardoshliligini baholashdan o‘tkazdi. Agentlik bahosiga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank, «Mikrokreditbank», «Trastbank» va «Universal Bank» kursning kapitalga regulyativ talablari buzilishlarisiz 50 foizga pastlashiga dosh bera oladi. «Asaka» va «Ipak yo‘li» banklari kursning 20 foizga pastlashiga dosh bera oladi, biroq ular qo‘shimcha kapital yoki balandroq darajada pastlash kuzatilgan taqdirda, talablardan chekinishga ijozat talab qilishi mumkin. «Agrobank» esa eng kam talablarga ham rioya qila olmaydi.

«Taxmin qilamizki, Fitch reytingi olib borilayotgan barcha o‘zbek banklari uzun yoki to‘liq yopiq valyuta pozitsiyasiga egaligi bois to‘g‘ridan-to‘g‘ri valyuta xavfi past hisoblanadi. Biroq milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi depozitlarning dollarlashuvi o‘sishiga olib kelishi, natijada banklar qisqa valyuta pozitsiyalari bo‘yicha xavfdan jabr ko‘rishi mumkin. Bunday holatda banklar sug‘urtalash vositalari O‘zbekistonda keng ommalashmagani sababli o‘z valyuta pozitsiyalarini yopish uchun ko‘proq valyuta kreditlarini ajratishga majbur bo‘ladi. Biroq bu aktivlar sifati uchun xavfning oshishiga olib kelishi mumkin. Chunki qarz beruvchilar valyuta sug‘urtasiga ega bo‘lmasliklari mumkin», — deya qayd etadi Fitch.

So‘mning devalvatsiyasi banklarning xorijiy valyutada nominatsiyalangan inflyatsiya aktivlari orqali kapitallashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq, agentlik taxminiga ko‘ra, bu ta’sir mo‘’tadil bo‘ladi. Devalvatsiya «O‘zsanoatqurilishbank» (birinchi chorak yakunida 82 foiz) va «Asakabank"da (54%) yuqori darajada bo‘lgan valyuta kreditlari sifatining yomonlashuviga olib kelishi ham mumkin. O‘zsanoatqurilishbankda asosiy valyuta kreditlarining bir qismi valyuta daromadiga ega qarzdorlarga taqdim etilishi aktivlar sifati uchun valyuta kursining pastlashuvidan vujudga keluvchi xavfni chegaralaydi. Biroq «Asaka» va «Ipak yo‘li» banklari valyuta kreditlarida birmuncha zaif hisoblanadi.

Fitch fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 25 milliard dollar atrofidani tashkil etib, bu banklarning valyutadagi majburiyatlaridan ikki baravar, tashqi qarzlardan esa 11 baravar ko‘p demakdir. Davlat kafolati O‘zsanaotqurilishbank va «Asaka» bankining mavjud tashqi qarzlarining bir qismini qoplamoqda.