BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Oliy komissar Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi delegatsiyasi 10 may kuni «Taraqqiyot strategiyasi» Markazida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari va o‘zaro hamkorlik» fuqarolik forumida ishtirok etdi.

Forum 50 ga yaqin NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad inson hayoti, uning erkinligi, or-nomusi, obro‘si va Konstitutsiyada belgilangan boshqa daxlsiz huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqish va ular yuzasidan fikr almashishdan iborat.

«Faol fuqarolik jamiyatisiz inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlashning barqaror tizimini tasavvur qilish o‘ta murakkab, — dedi Zayd Raad al-Husayn. — Aynan shu maqsadlarda biz doimo fuqarolik institutlari va nodavlat tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaymiz».

Fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlar davlat talablari asosida shunchaki faoliyat olib boruvchi institut bo‘lmasliklari kerak. Ular o‘z fikrini bildirishlari, doimiy ravishda hukumat bilan muloqotda bo‘lishi lozim, dedi BMT Oliy komissari.

«Shuning uchun biz doimo shu kabi institutlarga ko‘mak ko‘rsatish imkoniyatlarini qidiramiz», — deya ta’kidladi u. Barchasi muvaffaqiyatli kechishi uchun ochiqlik va shaffoflikni, axborotlardan foydalanish erkinligini zarur darajada ta’minlash lozim.

«Biz bu yerga hukumat rejalashtirgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurdik, — dedi Zayd Raad al-Husayn. — Tushunamizki, mazkur islohotlar uzoq muddatga mo‘ljallangan, bir qancha vaqtni talab qiladi, biroq eng asosiysi jarayon boshlanib bo‘ldi. Ushbu islohotlarda hukumat, bir vaqtning o‘zida sizlarning ham (NNT va fuqarolik institutlari — tahr) sherigingiz bo‘lishni istaymiz, faqatgina birgalikda mavjud muammolarni yecha olamiz».

Zayd Raad al-Husayn jamiyatning har bir vakilining barcha huquqlari va barcha funtamental erkinliklarini kafolatlovchi inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi mexanizm yaratish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, faollar, NTT, fuqarolik institutlari va OAV vakillari ishtirokidagi bunday yig‘ilish so‘nggi 12 yilda ilk bor tashkillashtirilgani qayd etildi.

«O‘zbekiston o‘zgarmoqda va biz mazkur o‘zgarishlarda mamlakatingizn qo‘llab-quvvatlash uchun shu yerdamiz», — dedi u.

BMT Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, Xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashadi.