Shu paytgacha jahonning 25 davlatida bo‘lgan jurnalist, prodyuser, musiqachi va sayohatchi Nikita Makarenko O‘zbekistonda turizm sohasida mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Sayyohlar uchun ochiq, oddiy va kirib chiqish oson mamlakat imijini qanday yaratish mumkin?

Barchamiz O‘zbekistonni juda sevamiz. Lekin tan olish kerak, xorijliklar yurtimizni sevilishi kerak bo‘lgan darajadan kamroq yaxshi ko‘rishadi.

Butunjahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda mamlakatimizga 1,9 sayyoh tashrif buyurgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ham o‘tgan yil uchun shu raqamni e’lon qildi — 1,9 million kishi. Qo‘shni Qozog‘istonga kelgan sayyohlar soni 2 yarim barobar ko‘p (4,5 million). Hongkongga esa 25 million sayyoh borgan — mamlakatimizga kelganlar sonidan 13 barobar ko‘p. Agar hudud jihatidan taqqoslansa, birgina Samarqand viloyatining o‘rniga 5 ta Hongkongni sig‘dirish mumkin.

UNWTO hozircha yangiroq ma’lumotlarni e’lon qilganicha yo‘q, lekin uch yil ichida manzara keskin o‘zgarmagani aniq.

Biz sayyohlar kelishini ham, ular o‘z pullarini bizning vatanimizda sarflashini ham istaymiz. 2015 yilda sayyohlar butun dunyo bo‘ylab 1,2 trillion dollar daromad keltirishgan. O‘zbekistonga bu bozorning atigi 0,2 foizigina tegishli.

Nega ahvol bunday? Shunday mamlakatlar borki, sayyohlik kontentini o‘ylab topishga majbur, chunki ularda tomosha qiladigan narsaning o‘zi yo‘q. Bizda esa hamma narsa bor: juda yaxshi saqlangan qadimiy shaharlar, buyuk tariximiz, mehmonnavozligimiz. Mamlakatimizda yurish xavfsiz. Bizning taomlarimiz juda arzon va xushxo‘r. Lekin nimadir bo‘layaptiki, g‘ildiraklar aylanmayapti, turistlar biz tomon ko‘p ham shoshilishmayapti.

Men o‘rta muddatli istiqbol uchun respublikamizda turizmni rivojlantirish Konsepsiyasini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Regulation.gov.uz saytida ma’lum qilinishicha, hozir loyiha vazirliklarda ma’qullashdan o‘tkazish bosqichida ekan. Bu hujjatda juda ko‘p kuchli jihatlar mavjud. Esimni taniganimdan beri ilk marta qimmat chiptalar va mehmonxonalar tilga olinibdi, vizalar va til muammosi ham aytib o‘tilgan. Qanday ajoyib! Lekin umumiy vektor hafsalamni pir qildi. Konsepsiyaning bosh muammosi shundaki — uni sayohatchilar tayyorlashmagan!

Voqe’lik ongni tarbiyalaydi. RyanAir reyslari bilan uchmay yoki Booking.com saytida mehmonxona tanlashga soatlarni sarflamasdan, sayohat oldidan Vinskiy forumlarida mulohazalarni o‘qimasdan turib sayyohlarning real talablarini tushunish qiyin.

Konsepsiya matnining biror joyida «mustaqil ravishda», degan so‘zni uchratmadim. Lekin «sayyohlik guruhlari», «sayyohlik kompaniyalari» va «sayyohlik sohasi» kabi iboralar juda ko‘p marta takrorlangan. Lekin hozir o‘tgan asrning 80-yillari emas: odamlar noutbukini ochib, o‘zlari sayohatni rejalashtirishadi va shunchaki, oddiy va arzon bo‘lgan joyga yo‘l olishadi.

Mustaqillik maydoniga chiqing va biroz kutib turing. Siz albatta bir guruh bechora sayyohlar guruhiga duchor bo‘lasiz. Oftobning jaziramasi ostida ular maydondagi favvoraning diametri haqidagi hikoyani tanglashmoqda. Ular mana shunday sayyohlik haqida orzu qilishgan, deb o‘ylaysizmi? O‘zingiz ham ta’tilingizda to‘daning ichida yurishni xohlarmidingiz? Sayyohlar bunaqasini aslo istamasliklarini aytishadi. Biroq boshqa imkoniyat yo‘q. O‘zbekistonga kelish uchun ular sayyohlik agentliklari xizmatidan foydalanishga majbur. Sayyohlik agentliklarida individual turlar juda qimmat, shu sababli guruhlar juda mashhur.

2014 yilda UNWTO O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan sayyohlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Ularning 62 foizi oldindan to‘langan, tashkillashtirilgan guruh tarkibida kelishgan — mustaqil ravishda emas. Sayyohlarga mamlakatimizga qay tarzda sayohat uyushtirilishini istar edingiz, deb savol berilgan. Fikrlar turlicha bo‘lgan, lekin ularning ichida eng ko‘p takrorlangani: «Menga sayohat qilish va sayohat davomida qarorlarni mustaqil qabul qilish yoqadi, yo‘lboshlovchi bilan birgalikda mahalliy aholi bilan ko‘proq uchrashishni, jonli muloqotda bo‘lishni istayman», bo‘lgan. So‘ralganlarning 32 foizi shu variantni yoqlashgan. So‘rovnomada qatnashganlarning deyarli yarmi 55 va undan katta yoshda bo‘lishgan. Agar ularning o‘rnida yoshlar bo‘lishganida ular shu variantni bir ovozdan qabul qilishgan bo‘lishardi.

O‘zim ham mustaqil sayohatchi sifatida 25 ta davlatda bo‘lganman. Sayyohlik agentligiga bir martagina ishim tushgan va umuman yoqmagan: u ham qimmat, ham noqulay sayohat bo‘lgan. Men Yevropaning u boshidan bu boshigacha, MDHning barcha davlatlarida, Janubiy Sharqiy Osiyoda, Afrika va Afg‘onistonda bo‘lganman. O‘zbekistonda esa Amerika, Yevropa, Yaponiya, hattoki Yangi Zelandiyadan mehmonlarni qabul qilganman. Bizning barchamizni — turli mamlakat vakillari bo‘lgan sayohlarni — yagona muammo birlashtiradi: bizga sayohat arzon, oddiy va xavfsiz bo‘lsa bas.

O‘z tajribamdan kelib chiqib, fikrimcha, ularni amalga oshirmay turib, turizmni tezkor rivojlantirish bo‘yicha prezident va hukumat tomonidan oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarib bo‘lmaydigan tezislar va takliflarni bayon etmoqchiman.

Guruh emas, inson

Fikrlashni o‘zgartirish kerak: sayyohlik kompaniyalari va ularning oladigan daromadi haqida o‘ylashni yig‘ishtirish kerak. Sayyohni pul to‘la qop deb tasavvur etishdan voz kechish lozim. Bizga har qanday daromadga ega turistlar kerak. Faqat inson haqida, uni nimalar qiziqtirishi borasida o‘ylamog‘imiz kerak.

Vizalar

Viza tizimini soddalashtirmasdan turib, keyingi punktlarni ko‘rib o‘tirishning ham hojati yo‘q. Mustaqil turist ayni paytda sayyohlik agentligisiz viza ololmaydi. UNWTOning yuqorida aytib o‘tilgan so‘rovnomasida sayyohlar vizani qo‘lga kiritish murakkabligi va umumiy byurokratizmni eng asosiy salbiy taassurotlaridan biri, deb baholashgan.

Turizmni rivojlantirish konsepsiyasida bu jarayonni erkinlashtirish haqida biror jo‘yali rejaga ko‘zim tushmadi. Men, masalan, bu masalaning quyidagi tarzda yechilishini orzu qilaman:

— «A» toifadagi mamlakatlar vakillari 30 kunga vizasiz kirib chiqishadi;

— «V» toifadagi mamlakat vakillari saytda anketa to‘ldirib, 5−7 kun ichida javob olishadi va yurtimizga yetib kelgach, aeroportda 30 dollarga viza olishadi;

— «S» toifadagi mamlakat vakilari vizani elchixonamizdan olishadi.

Mamlakatlarni toifaga bo‘lish ularga nisbatan ishonchimiz va milliy xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Biroq «A» kategoriyaga eng ko‘p sayyohlar keladigan davlatlar bo‘lmish «katta beshlik» — Xitoy, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ishonamanki, bunday choraning joriy etilishi mamlakatimiz tarixida burilish nuqtasi bo‘ladi. Bu bizning ochiqligimiz va mehmonnavozligimiz haqida juda kuchli signal bo‘ladi. Turistlar garcha hozircha qimmatroq bo‘sa ham, hamma joyda qulayliklar yaratilmagan bo‘lsa ham, darhol yoppasiga kela boshlashadi. Ana shunda keyingi vazifalarni hal qilishga o‘tilsa bo‘ladi.

Qayddan o‘tishni bekor qilish

O‘ylaymanki, amaldorlarimizning birortasi yurtimizga kelgan yevropalikning «Registratsiya nima o‘zi?» degan savoliga javob berib ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishmagan. Unga javob berib, tushuntirish juda qiyin. Bu bir parcha qog‘oz milliy xavfsizligimizga qay tarzda yordam berishi va umuman, nega u yordam berishi kerakligini tushuntirish juda qiyin. Shu sababli u bo‘lmasligi kerak. Turist qayerda xohlasa, o‘sha yerda yashashi kerak. Mehmonxonada bo‘ladimi, Airbnb orqali ijaraga beriladigan odamlarning xonadonida bo‘ladimi, kauchsyorferlarning uyidami yoki nihoyat, do‘stlari bilan biror chodirdami… Ha, bu mehmonxonalarning daromadlariga zarba berishi mumkin. Lekin biz alohida bir guruh tadbirkorlarning emas, butun mamlakatning iqtisodiy manfaat topishi haqida gaplashayapmiz-ku?!

Konsepsiya loyihasida qadga olishni osonlashtirish haqida gap boradi, lekin tashkillashtirilgan sayyohlik guruhlari uchun. Bu yetarli emas. Turistga o‘ziga qulay joyda yashashga qo‘yib bering, shunda u pullarini sarflash uchun keladi.

Arzon aviachiptalar

Bizga xorijiy loukoster kerak. Buni konsepsiyada ham g‘ira-shira tushunishga harakat qlishgan, bu ham bir qadam olg‘a siljishdan darak. Menimcha win-win vaziyati turistlarni ham «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKni ham qoniqtiradi. Konsepsiya loyihasiga yetishmayotgan konkret taklif shunday: loukoster Toshkentga emas, masalan Navoiyga uchishi kerak. Bu aeroport juda tez rivojlanmoqda, u yerda allaqachon katta tarnsport habi mavjud. U yoqqa amalga oshiriladigan reyslar MAKning Samarqand va Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari bilan raqobatga kirishmaydi. Navoiydan Buxorogacha 118 km yoki avtobusda 2 soatlik yo‘l. Navoiydan Samarqandgacha 169 km, yoki avtobusda ikki yarim soatlik yo‘l. Bu o‘ta normal holat hisoblanadi. Masalan, Rynair loukosterining Amsterdamga uchadigan reyslari shaharning o‘ziga emas, Niderlandiya poytaxtidan 160 km narida bo‘lgan aeroportga qo‘nadi. U yerdan shaharga avtobusda yoki poyezdda boriladi. Elektrichkalarni yo‘lga qo‘yish salohiyati mavjud, shunda Navoiydan Samarqand va Buxoroga bir soatda yetib olish mumkin bo‘ladi. Bu shaharlarni bog‘lash uchun turistlarga «Afrosiyob"dan foydalanish imkoniyatini ham yaratish mumkin.

Bizga loukoster kerakligiga hamon ishonmayapsizmi? Gurjistonning sobiq iqtisodiyot vaziri Vera Kobaliya RyanAir bilan o‘tgan muzokalar haqida, mana, nimalar degan: «RyanAir bizga bir oyda bir million turist tashish kafolatini berdi. Bu kafolat hattoki shartnomaga ham kiritildi». Gurjistonda loukoster uchun maxsus Tbilisi va Batumi o‘rtasida joylashgan Kutaisi shahridagi aeroport qayta tiklandi — xuddi bizning Navoiy Buxoro va Samarqand o‘rtasida joylashganidek. Natijada, Gurjiston Vengriyaning WizzAir kompaniyasini tanlagan. Shu yil WizzAir Kutaisi aeroportini habga aylantirib,mintaqaning boshqa davlatlariga parvozlar yo‘lga qo‘ygan.

Dunyoda loukosterlar juda ko‘p. Arablarning FlyDubai, AirArabia, turklarning Pegasus, Malayziyaning AirAsia’si. Darvoqe, 8 iyundan boshlab WizzAir Budapeshtdan Ostonaga ucha boshlaydi — chipta narxi bir tomonga 40 yevro. Biz yana qo‘shnimizdan bu borada ortda qolib ketdik.

Arzon turar joy

Mehmonxonamizdagi narxlar har doim osmonda bo‘lgan. Xo‘sh, islohotdan keyin nima bo‘ldi? Men uchun kelgan mehmonimga bu narxlarni aytish juda uyatli. Toshkentdagi mehmonxonadagi bir xona uchun 70 dollar, holbuki nonushtasi bilan uning eng baland narxi 35 dollardan oshmasligi kerak. Hozircha bizda hech kim Vetnamdagidek, 7 dollarga alohida xonalarni kutayotgani yo‘q. Lekin tanlov 10 dollardan boshlanishi kerak.

Men Yuliy Yusupov emasman, shu sababli qaysi richaglarni ishga tushirish kerakligini bilmayman. Biroq narx hosil qilinishini tahlildan o‘tkazib, xizmat bunga arzimasa-da, bu qadar qimmat narxlar qayoqdan paydo bo‘lishiga qiziqib ko‘rish kerak. Biroq, richagni topish juda muhim.

Paranoyyadan xalos bo‘lish

Foto va videoparanoyyani ildizi bilan qo‘porib tashlash kerak. Bu mamlakatimiz obro‘siga tushayotgan ulkan dog‘. Butun dunyo O‘zbekistonda kamerani chiqarmaslik kerakligi, aks holda «nimadir bo‘lishi"ni bilib qolgan. Huquq-tartibot organlari xodimi kelib, hamma suratlarni o‘chirishni talab qiladi yoki militsiya uchastkasiga olib ketadi. Albatta, bu hol mahalliy aholi uchun ham yoqimsiz, turistlar uchun-ku endi qo‘yavering. Biz fotograflar uchun nodo‘stona munosabatdagi mamlakatlardan biri sifatida tanilib bo‘lganmiz. «O‘zbekistonda suratga olmang», — deb yozishadi o‘z mulohazalarida turistlar, Lonely Planet’ni ochib o‘qing, ana.

Huquq-tartibot organlarimizning faoliyatiga katta hurmat bilan qarashimni bildirib o‘tgan holda, s’yomkalarni taqiqlash uchun birorta ob’ektiv sabab ko‘rmayapman. Agar Google Photos ga kirilsa, O‘zbekistondagi har qanday ob’ektning fotosuratini topsa bo‘ladi. Nega endi oldinlar allaqachon suratga olinib, bemalolol ochiq resursda joylashtirilgan narsani suratga olish mumkin emas? Yaqqol misol — Toshkent metrosi. Biror kishi nega u yerni suratga olish mumkin emasligini tushuntirib bera olmasa kerak. Google’ga istalgan bekatingizni nomini yozing ko‘plab fotosuratlar chiqarib beradi. Darvoqe, turistlarning TripAdvisor’da yozib qoldirishlaricha, xorijliklar uchun Toshkent metrosi birinchi raqamli ko‘ngil yozish joyi ekan.

Mana, yana bir chin hikoya. Pink Floyd Mo‘ynoqda o‘zining so‘nggi klipini suratga olmoqchi bo‘lgan. «Pink Floyd!». Xo‘sh, olishdimi? Albatta, faqat — Qozog‘istonda. Yana qo‘shnilarimiz bizdan chaqqon chiqib qolishdi. Qozog‘iston haqida klipni tomosha qilgan 12 million kishi bilib oldi.

Bularning barisi bizning manfaatlarimizga zid! Chunki turistlar aynan O‘zbekiston bo‘ylab sayohatdan olib kelgan fotosuratlar ularning do‘stlarida mamlakatimizga nisbatan qiziqish uyg‘otishi mumkin. Hamma suratga olishi kerak, hamma narsa suratga olinishi kerak. Bu katta ta’sir kuchiga ega tekin reklama. Bundan o‘zimizni o‘zimiz mahrum qilayapmiz.

Bu muammo ham konsepsiya loyihasida o‘zining bilvosita aksini topgan. Bu ham maqtovga arzigulik holat. Bilvosita deyilayotgani, qonunchiligimizda suratga tushirishni taqiqlash haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq yo‘q.

Konsepsiya loyihasi s’yomkalar uchun dronlardan foydalanishni soddalashtirishni taklif etadi, chunki bu «turistlar uchun ham, mamlakatimizga reportajlar va fotoalbomlar yaratish uchun tashrif buyurgan jurnalistlar uchun ham tarixiy va tabiat osori atiqalarini umumiy ko‘rinishda s’yomka qilish uchun to‘siq bo‘lib xizmat qilmoqda».

Internet

Turistlar o‘z fotosuratlarini Facebook va Instagram’ga qo‘yishni istashadi. Qachondir emas, hoziroq, shu damda, «Buxoro» restoranida osh yeb o‘tirgan paytida. Wi-Fi tarmoqlarini rivojlantirish uchun juda ko‘p g‘oyalar bildirilgan, lekin ularning birortasi keraklisi emas. Sim-kartalarni soddalashtirilgan usulda xarid qilish tizimi yaratilishi kerak. Hozir ulanish uchun xorijlikka negadir uyali aloqa operatorining bosh ofisiga borishiga to‘g‘ri keladi. Xorijliklar uchun sim-kartalar barcha dilerlik nuqtalarida sotilishi lozim. Yaxshisi, ko‘proq internet, kamroq so‘zlashuv kabi sodda turistik tariflar o‘ylab topilmog‘i, bularning barchasi 10 dollardan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Aeroportda sim-kartani sotib ol-da, foydalanaver.

Janob Polismen

Ko‘plab turistlar barcha maqtovlarga qaramasdan, «Afg‘oniston, qayerda bo‘lsa o‘shaning yonida"gi yerlarga kelishga qo‘rqishadi. Shu kunlarda oilamizga Sankt-Peterburgdan tanish qiz mehmonga kelishi kerak. Uning ota-onasi qayerga borsang bor, faqat O‘zbekistonga emas, deb hattoki Taylandga sayyohlik turi ham sovg‘a qilishmoqchi bo‘lishibdi. Nega? «U yer xavfli joy».

«Men bilan biror narsa bo‘lsa-chi?», «Meni o‘g‘irlab ketishsa-chi?», «Yo‘qolib qolsam nima bo‘ladi?». Bunday savollarni doim va ko‘p marta eshitganman.

Turistlarni bunday xavfsirash huquqidan mahrum qilmaslik kerak. Albatta, ochiq mamlakat imiji vaqt o‘tishi bilan ularning bunday xavotirlarini yo‘qqa chiqaradi. Hoziroq turistik politsiya tashkil etib, uni bartaraf qilish mumkin. Buning uchun keng ko‘lamli ish kerak emas. Boshlamasiga, har bir turistik shaharga 10 nafar ingliz tilida so‘zlasha oluvchi xodim va ikki-uch mashina yetarli. Bu politsiyaning telefon raqami har bir turistik veb-saytlar, samolyotda va aeroportlarda bo‘lishi kerak. Ularning avtomobillari sayyohlar gavjum joylarda turishi kerak. Koll-sentrdagilar esa 4−5 tilda gapira olishlari lozim. Turist bilishi kerakki, agar o‘sha o‘zi qo‘rqqan «mabodo» sodir bo‘lsa kamida inglizcha so‘zlasha oladigan mehribon kishilar yordamga kelishadi. Bunday xizmatning byudjeti unchalik katta emas, lekin psixologik effekti — million dollarlik. Yana bir narsa: turistik politsiya turistlarga birga selfiga tushishlari uchun indamay ruxsat berishi kerak.

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab punktlar bilan boyitish mumkin. O‘ylashimcha, men eng asosiylarini belgilab berdim. Keling, unutmaylik: hozir eng muhimi — ochiq, oddiy va bemalol kirib chiqsa bo‘ladigan mamlakat imijini yaratish. Imijimizni imi jimida ijobiy mustahkamlash uchun boshqa hamma ishni hamma narsadan qoniqqan turistlarning o‘zi fotoapparatlari va videokameralari yordamida amalga oshirib qo‘ya qolishadi.

Yana bir narsa: «Potyomkin qishloqlari» kabi ko‘zbo‘yamachiliklar bizga qarshi ishlaydi. Islohotlar chinakam bo‘lishi kerak, yarimta emas. 2017 yilda hech kimni aldamaslik kerak. Biror narsadan qoniqmagan turist albatta blogida bu haqida o‘z mulohazasini bildirib qoldiradi, bu uning uchun cho‘t emas. Boshqalar esa aynan ana shunday mulohazaga qarab ish ko‘rishadi, ko‘p millionlik reklama kampaniyasiga qarab emas.

Rus tilidan Shuhrat Shokirjonov tarjimasi.