4 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017—2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, oxirgi 40−50 yilda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, bu o‘z navbatida suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishi va suvni nazoratsiz olish oqibatida konlardagi zaxiralarning 35 foizga qisqarishiga hamda ayrim manbalarda suv zaxiralarining tugashiga olib keldi.

Respublikaning ayrim hududlarida yer usti suvlarini chiqarib tashlash tarmoqlari va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv ko‘tarilishi, shuningdek, rejali asosda gidrogeologik monitoring olib borilmaganligi oqibatida ayrim shaharlar va boshqa aholi punktlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishi kuzatilmoqda.

Yer osti suvlari monitoringining 1465 kuzatuv punktidan iborat amaldagi tizimi suv manbalarining ifloslanishiga, yer osti suvlari zaxiralarining kamayishiga va aholi punktlari hududlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishiga olib kelayotgan salbiy omillarni o‘z vaqtida va to‘laqonli baholash imkonini bermayapti.

shu yilning fevral-mart oylarida 10 mingdan ortiq suv qudug‘i bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalari aytib o‘tilgan salbiy omillarning yer osti suvlari holatiga ta’siri davom etayotganidan dalolat beradi. Xatlov natijalari:

  • 60 foizdan ortiq quduqlardan yer osti suvlari nazoratsiz olinayotgani hamda ularning ifloslanishi va zaxiralarining kamayishi davom etayotganini;
  • 59 foiz yer osti suvlari tasdiqlanmagan zaxiralardan olinayotganini;
  • yaqin o‘n yillar mobaynida chuchuk yer osti suvlari mavjud resurslarining yarmidan ko‘pini tiklab bo‘lmas tarzda yo‘qotishning real xavfi mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Prezidentining ushbu qarori yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni zudlik bilan hal etish zaruratidan kelib chiqqan holda qabul qilindi. U ayni paytda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish va shu asosda mamlakatimiz aholisini suv bilan ta’minlash sifatini yaxshilashga hamda ayrim shaharlar va tumanlar markazlarida yer osti suvlari sathlari ko‘tarilishining oldini olishga yo‘naltirilgan.

Avvalambor, ushbu qaror bilan 2017 yilning 1 iyulidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:

  • belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan, biroq texnik talablarga rioya etilgan holda qazilgan quduqlardan foydalanish tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan kelgusida belgilangan tartibda foydalanish uchun rasmiylashtirilishi lozim;
  • belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan va texnik talablarga rioya etilmasdan qazilgan quduqlar tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarini muqobil suv manbalariga ulashni hisobga olgan holda belgilangan tartibda tugatiladi;
  • yuridik va jismoniy shaxslarga suv olish uchun quduq qazishga belgilangan tartibda gidrogeologik xulosa berish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi;
  • suv olish uchun quduq qazishga ruxsatnomalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasi xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.

Ushbu hujjatda yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanish yuzasidan nazorat va hisob-kitobning ta’minlanishi uchun vakolatli davlat organlarining hamda suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarining suv resurslaridan oqilona foydalanish, olinayotgan suv hajmini to‘laqonli tarzda hisobga olish, shuningdek, ularning ifloslanishi va kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vazifalari belgilangan.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan 2017−2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi sohada muhim o‘rin tutadi.

Dastur:

  • yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksini;
  • chuchuk yer osti suvlarining tasdiqlangan zaxiralarini ko‘paytirishning maqsadli parametrlarini;
  • yer osti suvlari monitoringi bo‘yicha kuzatish punktlari tarmog‘ini kengaytirish parametrlarini;
  • Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalarini qurish va jihozlash chora-tadbirlarini;
  • shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlarini hamda kollektorlarni qurish va ularni mukammal ta’mirlash parametrlarini o‘z ichiga oladi.

Dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan 396 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatda chuchuklashtirish qurilmalarini sanoat usulida ishlab chiqarishni tashkil etish va tegishli aholi punktlarini jihozlash uchun 2017 yilning oxirigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida tajriba-sinov ishlarini o‘tkazish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi korxonalarini mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida «Meliorativ gidrogeologiya» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish ko‘zda tutilgan.