Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (TIMI) Shirinshoh Shotemur nomidagi Tojikiston agrar unirversiteti hamda Tojikiston gidrotexnika va melioratsiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzoladi, deb xabar qildi Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi «Gazeta.uz"ga.

Kelishuvlar 2−4 may kunlari Markaziy Osiyo va Afg‘oniston oliy ta’lim muassasalari suv xo‘jaligi hamda ilmiy-pedagogik tarkibi ishtirokidagi almashinuv turi doirasida imzolandi. Bu mintaqa mamlakatlari akademik hamjamiyati o‘rtasidagi birinchi almashinuv bo‘lib, unda 6 davlatdan 40 nafardan ziyod vakil ishtirok etdi.

Loyiha doirasida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston mamlakatlaridan 48 nafar magistrantni o‘qitish va 60 ta tadqiqotni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tur ishtirokchilari TIMI, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi gidrotexnik inshoot, sug‘orishning tejamkor tizimlaridan foydalanayotgan fermer xo‘jaliklari va intensiv bog‘larga tashrif buyurdi. Integratsiyalashgan suv manbalarini boshqarish uchun kadrlar tayyorlashning yagona tizimini yaratish, magistrantlar uchun ilmiy malaka oshirishlar va ilmiy rahbarlar umumiy tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

Tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilayotgan «MOda Suv, ta’lim va hamkorlik» Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markaz loyihasi doirasida tashkil etildi.