O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni «2017−2021 yillarda Xiva shahri va Xorazm viloyati sayyohlik salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Dasturda sayyohlarni muntazam qabul qilish uchun zamonaviy talablar va qo‘shimcha qulay sharoitlarni hisobga olgan holda Xiva hamda Xorazm viloyati turizm infratuzilmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, respublikaning asosiy sayyohlik markazlarini (Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva) bog‘lovchi temir yo‘l tarmog‘ini qurish, Yevropa, Osiyo va MDH mamlakatlaridan charter reyslarini tashkil etish va muntazam aviareyslar sonini oshirish, Urganch-Xiva yo‘nalishida qulay sayyohlik avtobuslari qatnovini tashkil etish kabilar ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar oqimini oshirish hamda ularning hududda ko‘proq vaqt bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiluvchi sayyohlik yo‘nalishlari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini takomillashtirish, bunda Amudaryo daryosi qirg‘oqbo‘yi zonasida yangi ekzotik turizm turlarini joriy etish rejalashtirilgan. Turistlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha infratuzilmalarga yondosh ob’ektlar holatini yaxshilash va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilangan.

Ichki turizmni rivojlantirish uchun Samarqand-Urganch, Buxoro-Urganch va Farg‘ona-Urganch ichki aviareyslarini ochish masalalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Dasturni amalga oshirish natijasida 2017−2021 yillarda sayyohlik xizmatlar eksporti hajmini 2,3 barobarga (131,4 mln dollargacha), sayyohlar sonni esa 2,1 barobargacha (129,7 ming kishi) oshirish rejalashtirilgan.

Mutasaddi vazirlik, mahkama va muassasalarga hamda joylardagi mahalliy hokimiyat organlariga «Ichan qal’a» majmuasi ichi va atrofida kompleks ravishda restavratsiya-tiklash ishlarini amalga oshirishni ko‘zda tutgan Xivani batafsil loyihalashtirish dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.