O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Farmon «Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash"ga qaratilgan.

Farmon bilan Vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilanmoqda. Unga ko‘ra, Vakil mazkur sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarni bajaradi. Shuningdek, sohadagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish, ularning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’sirini baholash, tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash Vakil faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Vakil Farmonda belgilangan o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi. Vakil O‘zbekiston Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Prezidentiga hisobdor hisoblanadi. Bu qoida Vakilning o‘z faoliyatini faqatgina O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga bo‘ysungan holda amalga oshirishida, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining har qanday shaklda buzilishiga nisbatan adolat, qonun ustuvorligi hamda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi nuqtai nazaridan xolisona baho berishida, qonunbuzilishlarga o‘z vaqtida barham berish uchun qat’iy choralarni ko‘rishida, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan barcha mansabdor shaxslar uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ta’minlashida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Farmon bilan Vakilga o‘z vazifalarini bajarishi uchun qator huquq va vakolatlar berilmoqda. Jumladan, Vakil tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonunchilikning so‘zsiz ijro etilishini o‘rganish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish yuzasidan takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish huquqiga ega.

Shu bilan birga, Vakil davlat organlari va boshqa muassasalar mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirishi, ularga aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi mumkinligi ko‘zda tutilayapti. Vakil tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilishi, davlat organlarining tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida ishtirok etishi mumkin.

Ushbu huquq va vakolatlarning amalda ro‘yobga chiqarilishi sohadagi qonunchilik talablarini tadbirkorlik sub’ektlari fikrlari, taklif va ehtiyojlaridan, mavjud muammolar, huquqni qo‘llash amaliyotining har tomonlama tahlilidan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib borishga hamda qonun hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga zamin yaratadi. Eng muhimi, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, shu jumladan, har xil asossiz tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishiga, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Farmonda Vakil devoni faoliyati tashkil etilishi belgilanib, uning tuzilmasi tasdiqlandi. Vakil va uning devoni faoliyatini samarali tashkil qilish uchun zarur tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik masalalarni hal etish ham nazarda tutilmoqda.

Ushbu hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida"gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Unda Vakil faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari, asosiy prinsiplari, uning huquq va majburiyatlari, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, davlat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik tartibini belgilash rejalashtirilmoqda.