2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda. Bunda oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi.

To‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ushbu qarorga binoan hamda O‘zbekistonda yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashning investitsiyaviy loyihalari, yo‘l-transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tahliliga muvofiq, 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 18194 ta va to‘lov-kontrakt asosida 48122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 1556 ta va to‘lov-kontrakt asosida 3444 ta etib belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15 ta va to‘lov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ushbu qaror bilan 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.