Kawasaki Heavy Industries va Marubeni Utilite Services Farg‘ona issiqliq elektr markazi (IEM) modernizatsiyasiga kirishdi, deb xabar qildi «O‘zbekenergo» kompaniyasi. Yaponiya kompaniyalari uskunalarni «kaliti bilan topshirish» usulida yetkazib beradi.

Farg‘ona IEM va Farg‘ona bug‘ qozonida yuqori samarali kogeneratsion gaz turbinali qurilmalarni joriy etish bo‘yicha qurilish ishlari aprel oyi oxirida boshlangan edi.

«Bunday loyihaning amalga oshirilishi hududda umumiy quvvati 24 MVt bo‘lgan qo‘shimcha quvvatni yaratish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Farg‘ona IEM ma’lumotlariga ko‘ra, qiymati 83,6 mln dollar bo‘lgan modernizatsiya ishlari Yaponiyaning yangi energetik va sanoat texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha tashkilotining (NEDO) 49,5 mln dollarlik granti va «O‘zbekenergo» mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Farg‘ona IEM — ayni paytda Farg‘ona vodiysidagi yagona elektr stansiyasi bo‘lib, 1978 yilda ishga tushirilgan. Uning o‘rnatilgan quvvati — 305 MVt, 560 million kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqaradi.