Sel, suv toshqini va ko‘chki xavfi ostida yashayotgan 151 xo‘jalikdan 696 kishi xavfsiz joylarga ko‘chirildi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Jumladan, Surxondaryoda 515, Samarqandda 71, Toshkentda 61, Namangan viloyatida 11 kishi vaqtincha yashash uchun ko‘chirildi.

Qashqadaryo viloyatida 21 kishi doimiy yashash uchun xavfsiz hududga ko‘chirildi. 1 ta xo‘jalik 5 nafar fuqaro uy-joyiga xavf solgan ko‘chki massasi maxsus texnika yordamida olib tashlanib, xavf bartaraf etildi.

Samarqand viloyatida 12 fuqaroni muhofaza qilish maqsadida, qirg‘oq mustahkamlash ishlari olib borilib, ularga bo‘lgan xavf bartaraf etildi.

Yil boshidan buyon Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Namangan viloyatlarida jami bo‘lib 167,6 ming metr kub tosh-shag‘al ishlari, 13,5 ming metr kub xarsang tosh ishlari amalga oshirildi.