O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni mamlakatda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zona (EIZ) tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni tasdiqladi.

Tuproq va iqlim sharoitlari noyobligini inobatga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish to‘g‘risida kiritilgan taklifga binoan «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalari tashkil etishga qaror qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 146 ta mahalliy farmatsevtika korxonasi tomonidan 2000 xildan ortiq dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 2016 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat farmatsevtika bozorida mahalliy dori-darmon vositalarining ulushi 55 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, tarmoqda bugungi kunda olib borilgan tahlillar ichki bozorni mahalliy dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada ko‘proq to‘ldirish uchun respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yanada samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash joizki, dunyo farmatsevtika sanoatida 8500 turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, ularning 6300 tasi xalqimiz ehtiyojlari uchun import qilinadi.

O‘zbekistondagi dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan farmatsevtika korxonalarining xorijiy xomashyo hamda materiallar importiga yuqori darajada bog‘liqligi soha rivojiga asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Mahalliy xomashyo va dorivor o‘simliklar asosida dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga farmatsevtika mahsulotlarining mahalliylashtirilishini chuqurlashtirish hamda kengaytirish, shuningdek, ularni tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish dolzarb masala hisoblanadi. Hozirgi paytda xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor o‘simliklardan 71 tasi respublikada tashkil etilgan sanoat plantatsiyalarida yetishtiriladi. Bu esa talab va ehtiyoj katta bo‘lgan dori-darmon vositalarini mahalliy sharoitda uzluksiz ishlab chiqarish uchun yetarli emas, albatta. Shuni inobatga olgan holda, ishlab chiqarish quvvatlariga yaqin bo‘lgan ekologiyasi toza va sof bo‘lgan tumanlarda yangi plantatsiyalarni tashkil etish rivojlanayotgan farmatsevtika sohasining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Farmonda, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishda birinchi darajali vazifa sifatida belgilab berilgan.

Farmonda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari hamda xo‘jalik birlashmalariga quyidagi topshiriqlar yuklatildi:

yer uchastkalari chegaralarini belgilash va ularni erkin iqtisodiy zonalar tarkibiga kiritish uchun ajratish;

kelgusida dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil qilish uchun yer uchastkalarini aniqlash va ularni ajratish;

erkin iqtisodiy zonalar hududlarida sanoat plantatsiyalarini tashkil etish, o‘stirish uchun tavsiya etiladigan dorivor o‘simliklarning ro‘yxatini tuzish hamda keyinchalik ushbu dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash, dori-darmon vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli Dastur ishlab chiqish.

Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va dori-darmon vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etishga, mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi va materiallar negizida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga imkon beradi.

Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan, ushbu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi.

Jumladan, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan tegishli investitsiyalar kiritilganda, ular:

yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan;

O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan to‘lash hamda hisob-kitob qilish shartlari va shakllaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu berilayotgan imtiyoz hamda qulayliklar mahalliy hamda xorijiy investorlar tomonidan iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishiga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.

Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining barchasi va har biri uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar hududlari, shuningdek, ularning ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlari tegishli tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlanadi.

Shuningdek, Farmonning ahamiyatli tomonlaridan yana biri tijorat banklariga o‘z mablag‘lari va jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga erkin iqtisodiy zonalar hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, dorivor o‘simliklar xomashyosi yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar tashkil etish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fermer xo‘jaliklariga kreditlar ajratish tavsiya etilmoqda. Shu bilan birga, garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda tijorat banklari investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga texnologik uskunalarni lizing asosida belgilangan tartibda yetkazib berilishini ta’minlaydi.

Farmonning qabul qilinishi ichki bozorni keng turdagi hammabop, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq to‘ldirish va alohida hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish masalalarini hal etishga qaratilgan.