Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 maydagi qarori bilan Milliy teleradiokompaniya tizimida kunu tun faoliyat olib boradigan «O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanali tashkil etilishini tasdiqladi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hukumat va MTRKdagi axborot manbalari ma’lum qildi.

Xorijda muxbirlik punktlari bo‘ladigan yangi telekanalni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad aholiga xolis va ishonchli axborotlarni yetkazish, respublika axborot muhitini sifatli axborot-tahliliy mahsulotlar bilan to‘yintirish, mamlakatda va xorijda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sport sohalarida ro‘y berayotgan ahamiyatga molik hodisalarni tezkorlik bilan yoritishni taminlashdan iborat ekani xabar qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, mamlakatda axboriy ko‘rsatuvlar tahlili eng avvalo aholida faol fuqarolik pozitsiyasi va amalga oshirilayotgan islohotlarga aloqadorlik tuyg‘ularini shakllantirishda teleradiokanallar axborot xizmatlari salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotganini ko‘rsatgani ta’kidlab o‘tilgan.

«O‘zbekiston 24» butun mamlakat hududi bo‘ylab ichki va tashqi siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha yangiliklar jurnalistikasining yangi formatiga asoslangan holda kunu tun axboriy ko‘rsatuvlarni efirga uzatadi.

«O‘zbekiston 24» fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda joylardagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va hal etish uchun davlat organlari va tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari, ekspertlar hamjamiyati va akademik doiralar vakillarining aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish ham telekanal vazifalari sifatida sanab o‘tilgan.

Qaror bilan «Diyor» telekanali («Madaniyat va ma’rifat» telekanali tuzilmasida) va «Toshkent» radiokanali («Toshkent» teleradiokanali) faoliyati tugatildi. Ularning chastotalari va ozod qilingan shtat birliklari yangi kanalga beriladi. «O‘zbekiston 24» kanalining cheklangan shtat birligi 251 nafar (shu jumladan 10 nafar boshqaruvchi shaxs) etib belgilandi.

«O‘zbekiston 24» SD va HD formatlarida barcha uchun ochiq bo‘lgan ijtimoiy raqamli uzatish paketiga kiritildi. Uning HD formatdagi translyatsiyasi parallel ravishda UzHD kanalida efirga uzatiladi.

Yangi teleradiokanal yaqin oylarda efirga chiqishi lozim.