Toshkentda chorshanba kuni Kinematografiyani rivojlantirish markazi ochildi, deya xabar berdi «O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati.

Markaz vazifalari qatoriga kino bozori ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda prodyuserlik instituti va kinoprokat tizimini rivojlantirish, kinofestivallar tashkil qilish, milliy seriallar suratga olish va xalqaro hamkorlikni kengaytish kabilar kiradi.

Fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan markaz, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi, yosh kinorejissyor Muhlisa Azizovaga film suratga olish ishlarida yordam berdi. «Ona» nomli qisqa metrajli tasmada Ra’no Shodiyeva va Karim Mirxodiyev bilan birgalikda Dmitriy Dyujev suratga tushdi.

Rus aktyori 8 may kuni talaba-kinematograflar uchun o‘tkaziladigan master-klassda ishtirok etish maqsadida Toshkentga keladi. «Ona» filmi 70-Kann Xalqaro kinofestivaliga tavsiya qilindi va qisqa metrajli tasmalar yo‘nalishida ko‘rsatiladi.