O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Toshkent chorrahalaridagi avtomat qayd etish kameralari tomonidan tushirilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga belgilangan jarimalar mavjudligini tekshirish saytini (dyhxx.uz) ishga tushirdi.

Hozircha beta-rejimda faoliyat olib borayotgan saytda ro‘yxatdan o‘tish uchun mobil telefoni raqamini (faqatgina UMS operatori) kiritishi va parol o‘ylab topishi kerak. So‘ngra telefon raqamiga kodli SMS keladi (kelgusida har bir kiruvchi SMS narxi 2 sentni tashkil qiladi).

Shaxsiy kabinetda qoida buzilishlarini kuzatish uchun davlat raqami va texpasport raqami ko‘satilgan ikkitaga qadar avtomobilni kiritish mumkin.

Agarda qoidabuzarlik mavjud bo‘lsa, kabinetda jarima qo‘llanilishi to‘g‘risida qaror raqami, qoidabuzarlik sodir etilgan sana va joyi, qoidabuzarlik turi, jarima miqdori, qoidabuzarlik holati va qoidabuzarlik yopilgan sana (jarima to‘langandan so‘ng) ko‘rsatiladi. Qaror nusxasini yuklab olish mumkin.

Mazkur xizmat Technologic ASBT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur kompaniya Oberthur Technologies va Thales bilan birgalikda O‘zbekistonda biometrik pasport tizimini joriy etish loyihasida qatnashgan.

UMS abonentlari jarimalar mavjudligi haqida SMS orqali ham boxabar bo‘lishlari mumkin. Bunda har bir kiruvchi xabar narxi 5 sentni tashkil etadi.