To‘qqiz nafar o‘zbekistonlik bokschi 30 apreldan 7 mayga qadar Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionati yarim finali ishtirokchisiga aylandi. Musobaqaning to‘rtinchi kuni 40 ta chorak final jangi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, ularda milliy terma jamoasining 10 vakili ringga ko‘tarildi.

Rio-2016da Olimpiya chempioni o‘zbekistonlik Hasanboy Do‘smatov (49 kg gacha) Qozog‘iston milliy termasining yangi a’zosi Yerjan Jomartga qarshi ringga chiqdi. Andijonlik sportchi tezroq va aniqroq harakat qilib, hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Jahon chempionati kumush medali sohibi Jasurbek Latipovga (52 kg gacha) chorak finalda hindistonlik Kavinder Bisht Singx raqiblik qildi. O‘zbekiston vakili kuchli raqibiga qarshi jangda yaxshi natija ko‘rsatib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.

OO‘-2016 «bronza» sohibi Murodjon Ahmadaliyev (56 kg gacha) Butan vakili Dorji Nime qarshiligini ikkinchi raunddayoq yenga oldi — Nime jangni davom ettirishdan bosh tortdi. Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritib, Osiyo chempionati medalini naqd qildi.

Jahon chempionati bronza medali sohibi Elnur Abduraimov (60 kg gacha) chorak finalda ikki raunddan kamroq jang qildi. Hakam indoneziyalik Farrand Papendang bilan jangni muddatidan avval to‘xtatib, g‘oliblikni O‘zbekiston vakiliga taqdim etdi.

Yoshlar o‘rtasida JCH bronza medali sohibi Iqbol Xoldarov (64 kg gacha) Xitoy Taybey vakili Pan Xyon Minni ikkinchi raundda nokautga uchratib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Olimpiya o‘yinlari-2016 vitse-chempioni Shahram G‘iyosov (69 kg gacha) Janubiy Koreya bokschisi Li Xyon Son ustidan uchinchi raundda muddatidan avval g‘alaba qozondi.

2015 yildan buyon mag‘lubiyatsiz jang olib borayotgan Isroil Madrimov (75 kg gacha) Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibi filippinlik Yeumir Feliks bilan bellashdi. Raqobatli bahsda o‘zbekistonlik g‘olib bo‘ldi.

OO‘-2016 finalchisi Bektemir Meliqo‘ziyev (81 kg gacha) chorak finalda tojikistonlik Shabbos Negmatullayev qarshiligini yengib o‘tdi.

O‘zbekistonning birinchi yo‘qotishi 91 kg gacha vazn toifasida bo‘ldi. O‘zbekiston termasining yangi a’zosi, o‘smirlar o‘rtasida 2016 yilgi Osiyo chempionati g‘olibi Sanjar Tursunov (91 kg gacha) Olimpiya o‘yinlari-2016 kumush medali sohibi qozog‘istonlik Vasiliy Levit bilan bellashdi. Jang tomoshabinbop va hodisalarga boy bo‘ldi (video). Tursunov g‘oliblik uchun bor kuchini ishga soldi, biroq raqibi uch raund yakunlariga ko‘ra yaxshiroq natija qayd etdi.

91 kgdan yuqori super og‘ir vaznda Bahodir Jalolov Janubiy Koreya bokschisi Kim Do Xyonni mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa yarim finaliga yo‘l olgan to‘qqizinchi O‘zbekiston vakili bo‘ldi.

Chorak finaldan so‘ng faqatgina 13 mamlakat vakillari o‘zlariga yuqori o‘rinlarni band eta olishdi. O‘zbekistonda 9 ta, Qozog‘istonda — 8 ta, Hindiston va Mo‘g‘ilistonda — 4 ta, Xitoy, Janubiy Koreyada — 3, Filippin, Suriyada — 2, Eron, Iordaniya, Qirg‘iziston, Tojkiston va Turkmanistonda — 1 ta medal mavjud.

Barcha bellashuvlar natijalari (7, 8, 9va 9Asessiyalar)