Janubiy Qozog‘iston viloyatidan O‘zbekistonga «Do‘stlik karvoni» yetib keldi, deya xabar berdi JQV matbuot xizmati. 2 dan 6 mayga qadar O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqqan 50 nafar oqsoqol Toshkentdagi qozoq jamiyati arbobi To‘labiy qabrini, so‘ngra Samarqanddagi Amir Temur va Yalangto‘sh Bahodir, Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbaralarini ziyorat qiladi.

«Do‘stlik karvoni» vakillari O‘zbekiston Baynalmilal madaniyat markazi, qozoq madaniyati markazi va boshqa tarixiy-madaniy markazlarga tashrif buyurib, u yerda mahalliy aholi bilan uchrashadi.

Mazkur tadbir Qozog‘iston xalqlari assambleyasi va O‘zbekiston Baynalmilal markazi o‘rtasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga mart oyidagi rasmiy tashrifi davomida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.