Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishganidan buyon ilk marotaba boshqa davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda O‘zA xabar qildi, marosim «O‘zbekiston» telekanali orqali namoyish etildi.

Prezidentga Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan Eduards Stiprays, Qirg‘iziston, Fransiya, Italiya, Chexiya, Yaponiya, Misr, Turkiya va Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Daniyar Sidiqov, Violen de Vilmor, Andrea Bertotssi, Yaroslav Siro, Nobuaki Ito, Amani al-Itr, Ahmet Bashar Shen, Hisham bin Mishal al-Suveylim ishonch yorliqlarini topshirdi.

Shavkat Mirziyoyev diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab puxta o‘ylangan tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning zamirida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassamdir».

Davlat rahbari elchilarni O‘zbekistonda ish boshlayotgani bilan samimiy tabriklab, ularning mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Shavkat Mirziyoyev elchilar band bo‘lishiga qaramasdan O‘zbekistonning betakror shahar va qishloqlariga tashrif buyurish, O‘zbekiston xalqi va an’analarini yaxshiroq bilishlari uchun vaqt topishlariga umid bildirdi.

«Bizning qadimiy Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qarshi… Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona vodiysi shaharlarimiz — hurmatli elchilarimiz hududlarga qancha ko‘p tashrif buyurishsa, tariximiz, an’analarimiz, xalqimiz haqida shuncha yaxshi bilishadi. Shaxsan men shuning tarafdoriman», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishda eng yuqori samaradorlikka erishish uchun elchilarga o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda har chorakda Tashqi ishlar vaziri, bosh vazir va barcha hukumat a’zolari bilan uchrashish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha maslahatlashish, erishilgan natijalar va kelgusi rejalarni muhokama qilishni taklif etdi.

«Xush kelibsiz O‘zbekistonga! Xush kelibsiz bizning go‘zal yurtimizga!» — deya elchilarni qutladi Prezident o‘z nutqi yakunida.