O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni «O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, sohadagi ishlarning tahlili vakolatli davlat boshqaruvi idorasi sifatida «O‘zstandart» agentligining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator yechimi topilmagan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, agentlikning tashkiliy tuzilmasi xalqaro talablarga mos emas, yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlab bera olmas edi.

Ikkinchidan, ISO xalqaro tashkiloti standartlarini qabul qilish borasidagi faoliyat lozim darajada tashkil etilmagan, standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar milliy fondida ushbu tashkilot standartlari 13 foizni tashkil etar edi, xolos.

Uchinchidan, Agentlik tomonidan xalqaro sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bo‘yicha respublikadagi korxonalarga uslubiy yordam ko‘rsatish yetarli darajada tashkil etilmagan edi.

To‘rtinchidan, respublikaning mavjud etalonlar bazasi ayrim sanoat tarmoqlarida foydalanilayotgan yuqori aniqlikdagi asboblarning metrologik tekshiruvini to‘la qamrab olish imkonini bermas edi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni jadal joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish;

mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini birinchi navbatda eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish va sanoat mahsulotlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshirish;

eksportchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlarni yaratish, milliy sertifikatlar va muvofiqlikni baholash ishlari natijalari asosiy eksport bozorlarida tan olinishiga yo‘naltirilgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish;

texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish, realizatsiya qilinadigan mahsulotlar xavfsizligining tizimli nazoratini ta’minlash samaradorligini oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari turlarini kengaytirish;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2017−2020 yillarda «O‘zstandart» agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. U quyidagi jihatlarni nazarda tutadi:

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida qonuniy bazani takomillashtirish;

«O‘zstandart» agentligining sinov laboratoriyalari va hududiy markazlarini zamonaviy yuqori aniqlikdagi o‘lchash va sinov uskunalari bilan qayta jihozlash va modernizatsiya qilishni davom ettirish;

2 mingdan ortiq xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich qabul qilish orqali ularning standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar milliy fondidagi ulushini ikki barobarga oshirish;

9 mingdan ortiq korxonada xalqaro standartlarga mos keladigan sifat menejmenti tizimlarini joriy etish, 2020 yilga qadar bunday korxonalar sonini 4,6 barobarga oshirish;

«O‘zstandart» agentligi laboratoriyalarini xalqaro darajada tan olingan tashkilotlarda akkreditatsiya qilish yo‘li bilan ularda amalga oshirilgan sinov natijalarining jahon miqyosida tan olinishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, «O‘zstandart» agentligi xodimlar salohiyatini oshirish va uning faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini chuqurlashtirish.

Ushbu qaror bilan «O‘zstandart» agentligi qoshida «O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» va «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonalarini tashkil etish hamda «Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi» davlat korxonasini qayta tashkil etishni nazarda tutgan holda «O‘zstandart» agentligining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Shuningdek, tasdiqlanayotgan ro‘yxatga muvofiq etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini davlat byudjetidan moliyalashtirish hisobiga xarid qilish orqali respublika etalon bazasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining samarali ijrosini ta’minlash maqsadida standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etildi.