BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamkorlikda energiya jihatidan samarali va kam uglerodli qishloq uylari hamda qishloq aholi punktlarini loyihalash va qurishni amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli yangi qo‘shma loyihani ijro etishga kirishadi. Bu haqda BMTTD vakolatxonasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Global ekologik fond va BMTTD tomonidan ajratilayotgan grant mablag‘lari hisobiga umumiy byudjeti 6,3 mln dollardan iborat bo‘lgan yangi loyiha uy-joy sektorida energiya va resurslarni tejashni kuchaytirish bo‘yicha muhim va innovatsion vazifalarni bajarishga yo‘naltirilgan. Ushbu loyihaning milliy va global miqyosda issiqxona gazlarining havoga chiqarilishini qisqartirishga hamda Parij Bitimi maqsadlariga erishishni ta’minlash yo‘lida mamlakatga yanada keng ko‘lamli moliyaviy mablag‘larni jalb qilishga hissa qo‘shishi kutilmoqda. O‘zbekiston mazkur bitimga 19 aprel kuni a’zo bo‘lgan.

2016 yilning oxirida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017−2021 yillarda O‘zbekistonning qishloq joylarida takomillashtirilgan namunali loyihalar asosida arzon uy joylarni qurish bo‘yicha yangilangan Dastur ma’qullangan edi. Dasturda yangi yo‘nalish va vazifalar belgilab berildi, ular energiya jihatidan samarali va kam uglerodli binolarni qurish uchun istiqbolli imkoniyatlarni ochmoqda. Bu esa energiyani yanada ko‘proq tejash va issiqxona gazlarining havoga chiqarilishini kamaytirishni ta’minlaydi.

Binolar sektorida issiqxona gazlarining havoga chiqarilishi global darajasi 1970 yildan buyon ikki marotabadan ko‘proq oshdi va 2010 yilda SO2-ekvivalentida 9,18 Giga tonnaga yetdi. Bu esa havoga chiqayotgan issiqxona gazlari umumiy miqdorining 19 foizi demakdir. Binolar sektorida issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishini qisqartirish salohiyati katta. Chunki, hisob-kitoblarga ko‘ra, binolarda energiya iste’moli samaradorligini oshirish evaziga SO2-ekvivalentda yiliga issiqxona gazlarini havoga tashlash hajmini qariyb 3,3 4 Giga tonnaga (mazkur sektorda atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari umumiy yillik hajmining 50 foizi) qisqartirish mumkin.