Buxoro shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Gamik Zakiyev uchun 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasi quvonchli voqealarga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-leytenant B.Toshmatov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesi S.Chernishev va boshqalar Gamik Zakiyevni xonadoniga borib tabrikladi.

Otaxonga Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 72 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tabrigi o‘qib eshittirildi.

Gamik Zakiyevning fashist bosqinchilariga qarshi jasorati e’tirofi bo‘lgan ordenu medallari qatoriga yana bir mukofot qo‘shildi. Unga «Krasnaya zvezda» ordeni bilan mukofotlangani to‘g‘risidagi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan guvohnoma va orden tantanali topshirildi.

Bu mukofotning tarixi uzoq. Gamik Zakiyev Ikkinchi jahon urushiga 1943 yili 18 yoshida jo‘nab ketdi. Ukrainani ozod qilish uchun bo‘lgan janglarda ishtirok etdi. Shunday janglardan birida og‘ir yaralandi va uzoq vaqt gospitalda davolandi. Shundan so‘ng yana fashistlarga qarshi jangni davom ettirdi. Chexoslovakiyani ozod qilish uchun bo‘lgan jangda yosh leytenant boshchiligidagi askarlar tish-tirnog‘igacha qurollangan dushmanning qattiq qarshiligiga duch keldi. Ular mustahkam pozitsiyani egallagan fashistlar istehkomini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Jangdagi jasorati uchun vzvod komandiri, kichik leytenant Gamik Zakiyev 1944 yilning 7 noyabrida 211-o‘qchi diviziya qo‘mondonining buyrug‘i bilan «Krasnaya zvezda» ordeni bilan mukofotlanadi. Biroq olovli janglar davom etayotgan o‘sha davrda mukofot topshirilmay qoladi. Buning ustiga u 1945 yilda Uzoq Sharqdagi jangovar harakatlarda ishtirok etdi. Urush tugagandan so‘ng 1947 yilgacha Mo‘g‘ulistonda harbiy xizmatni davom ettirdi.

Urushdan so‘ng Samarqand shahridagi sobiq savdo institutini bitirib, Buxoroga ishga yo‘llanma oldi. Uzoq yillar savdo tashkilotlarida samarali mehnat qildi.

O‘tgan yilning yozida qo‘shnisi harbiy arxiv saytlarining birida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan bobosi haqidagi ma’lumotni izlar ekan, Gamik boboning jangovar hayot yo‘liga oid ma’lumotga, jumladan, unga topshirilmay qolib ketgan orden to‘g‘risidagi qaydnomaga ko‘zi tushadi. Bu haqda xabardor qilingan G. Zakiyevning nabirasi Liziya viloyat mudofaa ishlari boshqarmasiga murojaat qiladi. Shu tariqa jangovar orden 72 yildan so‘ng o‘z egasini topdi.