Ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi murojaatlarni qabul qilish uchun ishonch telefoni 1102 raqami bilan ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri general-mayor Abdusalom Azizov seshanba kuni Xalqaro press-klub yig‘ilishida ma’lum qildi.

Murojaatlarni qabul qilish markazi IIVning jismoniy, yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha yangi tashkil etilgan boshqarmasi doirasida tashkil etildi. Ishonch telefoni 1 maydan sinov rejimida ish boshladi va unga butun O‘zbekiston bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilish mumkin.