29 aprel kuni Navoiy viloyat ko‘p profilli tibbiyot markazida Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan ajratilgan beg‘araz grant hisobidan yetkazib berilgan 5,61 mln dollar qiymatidagi yapon uskunalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Marosimda viloyat hokimi Qobul Tursunov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Nobuaki Ito va sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Ataxonov ishtirok etdi.

JICA tibbiyot markaziga92 turdagi yuqori texnologiyali uskunalarni taqdim etdi. Kompyuter magnitno-rezonans tomograf, masofaviy litotriptor, rentgen, jarrohlik, anesteziologik texnika UZI uskunasi shular jumlasidan. Muassasada endilikda yurak, qon-Tomir kasalliklarini davolashga imkon beruvchi angiograf, ko‘z kasalliklarini davolash uchun lazer uskuna mavjud.

Yangi uskunalar bilan ishlash uchun Yaponiya va Rossiya OTM va shifoxonalarida tahsil olgan hamda malaka oshirgan mutaxassislar jalb qilindi.

«Avvallari yurak, qon-tomir kasalliklariga chalingan odamlar Toshkentda davolanishga to‘g‘ri kelar edi, — deydi Tokio universitetida intervension kardiologiya yo‘nalishi bo‘yicha ikki yillik klinik ordinatura tahsilini o‘tagan kardiolog-shifokor Nozima Bo‘ronov. — Endilikda navoiyliklar ko‘p vaqt va mablag‘ini sarflashlari shart emas. Yaqin kelajakda mahalliy mutaxassislar yurakda minimal jarrohlik aralashuvi bilan murakkab operatsiyalarni o‘tkazishlari mumkin».

Navoiy viloyat ko‘p profilli tibbiyot markazida 50 nafardan ziyod shifokor va 200 nafarga yaqin hamshira faoliyat olib boradi.