O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov 2 may kuni Xalqaro press-klub yig‘ilishida IIVning turli tahdidlar, jumladan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashdagi imkoniyatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Shu kunlarda ichki qo‘shinlarni Ichki ishlar vazirligi safiga qabul qilish ishlari yakunlandi, deya xabar qildi u.

«Prezident qarori bilan mazkur qo‘shinlar bizga qaytarildi. 1 maydan ular yuridik jihatdan to‘liq IIVga qaramog‘ida», — deya qayd etdi Abdusalom Azizov. Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik ularni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.

Vazir tez orada IIV qoshida tezkor harakatlanuvchi maxsus otryadlar shakllantirilishiga ishonch bildirib, mamlakat rahbariyatining yana bir qarori qabul qilinishi kutilayotganini ta’kidladi.

«Men aminman va siz ham amin bo‘lingki, har qanday tajovuzga qarshi turish uchun yetarlicha kuchga egamiz», — deya ta’kidladi vazir.

Abdusalom Azizov O‘zbekistonda muayyan muddat xorijda bo‘lib qaytgan ayrim fuqarolarning vatandoshlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bartaraf etish bo‘yicha katta hajmli tezkor-qidiruv ishlari olib borilayotganini so‘zlab berdi.

«Ko‘plab fuqarolarimiz islom dini asoslarini bilmagan holda Rossiyaning Kavkaz orti hududida vahhobiylar jamoatlariga qo‘shilib, ushbu yo‘ldan bormoqda. Juda ko‘p hollarda aldov yo‘li bilan katta pul evaziga fuqarolar Turkiyaga, u yerdan Suriyaga borib qolmoqda».

«Yashirmayman, deyarli har kuni biz qaytib kelib vahhobiylik g‘oyasini targ‘ib qilishni boshlayotgan kishilarni aniqlamoqdamiz. Ko‘p urinishlar bo‘lmoqda, biroq biz barchasiga barham berayapmiz», — deya ma’lum qildi IIV rahbari.