Xotira va qadrlash kuni (9 may) arafasida UZINFOCOM Markazi 1941−45 yillardagi urush veteranlariga bag‘ishlangan Xotira.uz saytini ishga tushirdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xabar qilishicha, bugungi kunda hayot bo‘lgan dahshatli urush ishtirokchilari va qahramonlari ismlari yagona resursda umumlashtirilgan bo‘lib, mazkur resurs har bir urush faxriysi, mukofot va jasoratlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari bilan boyitilgan.

Saytdan urush maydonida jang qilgan o‘zbekistonliklar fotosuratlari, ularning jasoratlari to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlar hamda Xotira va qadrlash kuni bayrami to‘g‘risidagi yangiliklar o‘rin olgan. Foydalanuvchilar ham saytga joylashtirish uchun o‘zlaridagi ma’lumotlar va fotosuratlarni yuborishlari mumkin.

Bu yerda «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan bepul tarqatilayotgan 9 may va O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan maxsus lenta va stikerlarning tarqatilish manzillari ro‘yxati ham keltirilgan.