O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegaralarida «Oq oltin» va «Malik» avtomobil o‘tkazish punktlari 15 maydan o‘z faoliyatini boshlashi lozim. Bu O‘zbekiston Prezidentining 26 apreldagi qarorida o‘z aksini topgan, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

M-39 trassasida joylashgan mazkur o‘tkazish punktlari Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi qisqa yo‘lni tutashtiradi va faqat yengil avtomobillar o‘tishi uchun xizmat qiladi. Yuklar va tijoriy maqsadlardagi tovarlarning olib o‘tilishi taqiqlanadi.

Notranzit maqsadlarda Qozog‘istonga o‘tuvchi O‘zbekiston fuqarolari hamda Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan chegara nazorati qonunchilikda belgilangan va O‘zbekiston imzolagan xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Janubiy Qozog‘iston viloyatining Maxtaaral tumani hududi orqali to‘xtalishlarsiz o‘tuvchi O‘zbekiston fuqarolari soddalashtirilgan tartibda — chegara belgisi qo‘yilmasdan o‘tkaziladi. Bunda shaxsni tasdiqlovchi, davlat chegaralarini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlar majburiy tartibda tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Ikkita o‘tkazish punktida bojxona nazorati ham soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmaydi, transport vositasini ro‘yxatga olish va bojxona tekshiruvidan o‘tkazish talab qilinmaydi, biroq majburiy tartibda vizual ko‘rik amalga oshiriladi.

Chegarani kesib o‘tuvchi fuqaro bojxona qonunchiligi talablariga rioya qilish majburiyatidan ozod qilinmaydi.

Maxtaaral tumani orqali o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘li 2006 yilda yopilgan edi.