O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni «Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat matni dushanba kuni Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining samarali ro‘yobga chiqarilishi — mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini so‘zsiz ijro etish uchun prokuratura organlarining kuch va imkoniyatlarini to‘liq safarbar qilishni taqozo etmoqda.

Jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash hamda demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunlarning so‘zsiz ijro etilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish orqali «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» prokuratura organlarining ustuvor vazifasi etib belgilandi. Bunda:

  • hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini so‘zsiz bajarishni, amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘siq bo‘luvchi omillar va tizimli kamchiliklarni aniqlash hamda bartaraf etish;
  • tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish;
  • aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot o‘rnatish, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida hal qilishni, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda qonun buzilishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • profilaktika tadbirlarining, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi tadbirlarning ta’sirchanligini, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish;
  • kam ta’minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish dasturlarini amalga oshirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash;
  • malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholiga arzon dori vositalarini yetkazish, ta’lim jarayonining sifati va ta’lim muassasalarida o‘quvchilar davomati hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish;
  • fuqarolarga arzon uy-joy ajratish, uy-joy sotib olish uchun, birinchi navbatda yosh oilalar, yetim bolalarga kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish;
  • tabiiy resurslar, yer maydonlaridan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlashga asosiy e’tibor qaratish belgilab berildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tuzilmasida Ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi (Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi) hamda Iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi (Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda joylardagi ijro hokimiyati organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi negizida) tashkil etildi.

Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish sohasidagi faoliyatni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.