O‘zbekistonlik paralimpiyachi suzuvchilar 27−30 aprel kunlari Britaniyaning Sheffild shahrida bo‘lib o‘tgan parasuzish bo‘yicha Jahon kubogi uchinchi bosqichida to‘qqiz medalni qo‘lga kiritdi. Unda 45 mamlakatdan 475 sportchi qatnashdi.

O‘zbekistonning olti vakili uchta oltin, to‘rtta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Dmitriy Xorlin 200 metrga kompleks suzish, 400 metrga erkin usulda suzish va 100 metrga batterflay suzishda oltin medalga sazovor bo‘lib, ularning so‘ngisida zaif ko‘ruvchi sportchilar (S12) o‘rtasida yangi Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Muzaffar Tursunxo‘jayev 50 va 100 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida Shohsanam Toshpo‘latova 50 metrga suzishda erkin usulda suzishda bronza, 200 metrga kompleks va 100 metrga batterflay usulda suzishda ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Fotima Amilova 100 metrga brass usulida suzishda shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.