«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 2017 yil birinchi choragida yo‘lovchi va yuk tashish hajmini oshirdi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Yanvar-martda MAK 5211 reysni amalga oshirib, 563,1 ming yo‘lovchini tashidi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 204 ta reys yoki 27,5 ming yo‘lovchi ko‘p demakdir. Yo‘lovchilar o‘rindiqlari bandligi 75,01, tijoriy yuklama 54,69 foizni tashkil etdi.

Yuk tashish hajmi 24,3 foizga o‘sdi. Jami 11,1 ming tonna yuk, jumladan pulli qo‘l yuklari va pochta tashildi. MAK yuk samolyotlari 274 (81 ta ko‘p) reysni amalga oshirib, 6900 tonna yuk (33,5 foiz ko‘p) tashidi. «Navoiy» aeroporti orqali 8900 tonna yuk tashildi (15 foiz ko‘p).

Uch oy davomida MAK 75 ta yo‘lovchi, 27 ta yuk charter reyslarini amalga oshirdi.

Joriy yilda Laxor (Pokiston) va Dushanbega (Tojikiston) reyslar ochildi. Malaysia Airlines, Asiana Airlines, Azerbaijan Airlines, Singapore Airlines, Turkish Airlines, «Ukraina xalqaro avialiniyasi» bilan maxsus shartnomalar imzolandi. Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l kompaniyasi bilan Rail&Fly shartnomasi imzolandi.