«Nasaf» murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov OAV talqini bo‘yicha 2016 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi deb topildi. Bu haqda Futbol federatsiyasi xabar qildi.

So‘rovnomada 19 nafar jurnalist va bloger ishtirok etdi. Taqdim etilgan futbolchilar orasida Xitoyning «Shanxay SIPG» jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov 33 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinni band etdi. «Lokomotiv"ning sobiq hujumchisi, ayni damda Qatarning «Al-Sayliy» tarkibida to‘p surayotgan Temurxo‘ja Abduholiqov (22) ikkinchi, Moskvaning «Lokomotiv"i himoyachisi Vitaliy Denisov (16) uchinchi o‘rinni egalladi.

Odil Ahmedov beshinchi marotaba mazkur titul sohibi bo‘ldi. U 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda ham eng yaxshi deb topilgan.

«Eng yaxshi murabbiy» nominatsiyasida Ro‘ziqul Berdiyev 32 ball to‘pladi. Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi bilan o‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempioni va mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan Andrey Miklyayev 23 ball bilan ikkinchi o‘rinni band etdi. 19 yoshgacha O‘zbekiston yoshlar termasi bilan ishlovchi Jasur Abduraimovga «bronza» nasib etdi.