O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Janubiy Qozog‘iston viloyatiga tashrif buyurdi va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zA.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining shu yil mart oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida mamlakatlaro‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro uchrashuvlar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

«Joriy yil mart oyidagi Qozog‘istonga tashrifimizdan so‘ng o‘zaro hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqdik. Vazirlar va hududlar rahbarlarining uchrashuvlari faollashdi», — dedi davlat rahbari.

Prezident Nursulton Nazarboyev oldingi uchrashuvdan keyin mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yanada faollashganini qayd etdi.

«Shu yilning birinchi choragida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar sezilarli darajada oshdi. Transport-logistika, avtosanoat sohalaridagi va hududlararo hamkorlikni alohida ta’kidlash joiz. 2017 yilning dastlabki uch oyida o‘zaro tovar ayirboshlash 37 foizga ko‘paydi», — dedi Qozog‘iston Prezidenti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyevga bugungi uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligidagi ijobiy sur’atlar barqaror saqlanishi va yanada rivojlanishiga ishonch bildirdilar.