O‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov Rossiyada o‘tadigan Konfederatsiyalar kubogida xizmat qiladigan 36 nafar hakam ro‘yxatidan o‘rin oldi, deb xabar berdi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA).

Arbitrlar FIFA hakamlar qo‘mitasi tomonidan 2018 yilgi jahon chempionati uchrashuvlarida xizmat ko‘rsatishga salohiyatli nomzodlar orasidan tanlab olindi. Ular barcha olti konfederatsiya vakillari hisoblanadi.
Ravshan Ermatov musobaqada bosh hakamning videoyordamchisi vazifasida faoliyat olib boradi. FIFA prezidenti Janni Infantino avvalroq Konfederatsiyalar kubogida videoyordamchi hakamlar tizimidan (VAR) foydalanilishini ma’lum qilgan edi. Assistentlar videooperatorlar xonasida o‘tirib, barcha kameralar qaydlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Ular o‘yin bosh hakamiga uchrashuv natijasiga yaqqol ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlardagi yaqqol xatoliklar to‘g‘risida xabar berishi mumkin. Biroq yakuniy qarorni bosh hakam qabul qiladi.
VAR tizimidan tashqari Konfederatsiyalar kubogida hakamlar darvoza ishg‘ol qilinganini aniqlash tizimi (GLT) imkoniyatlaridan ham foydalanishi mumkin.