O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi, xabar berdi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida viloyatda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha katta reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezidentning Jizzaxga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishish ko‘zda tutilgan.