GM Uzbekistan kompaniyasi to‘liq yangilangan Chevrolet Malibu bizness-klass sedanini ishlab chiqara boshladi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

SKD texnologiyasi bo‘yicha avtomobil yig‘ish GM Uzbekistan’ning Toshkentdagi filialida amalga oshiriladi.

Mashina yanada tejamkor va texnologik bo‘lishdan tashqari, xavfsizlik va qulaylik ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada oshirildi.

Yangi model butkul boshqacha ichki va tashqi ko‘rinishi, zamonaviy texnik ishlanmalar bilan ta’minlangani bilan farqlanadi.

Avtomobil 186 ot kuchiga teng 2,5 l hajmli dvigatel, yonilg‘i sarfining 100 km ga 10,8 l gacha kamaytirilishini ta’minlovchi 6 bosqichli yangi avlod avtomat transmissiya bilan jihozlangan.

Haydovchi va yo‘lovchilarni himoyalash tizimi takomillashtirilgan — mashina 8 ta xavfsizlik yostiqchasi (jumladan shiftda va orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun), barqaror kurs va antibuksir tizimlari bilan ta’minlangan.

Ergonomika va elektron tizimlar funksionalligi yaxshilangan, markaziy konsol 7 dyuym diagonalli tachskrin ekranga ega MyLink ko‘ngilochar-axborot majmuasi mavjud. Salondagi shovqinni kamaytirish tizimi belgilangan me’yorlar oshgan taqdirda elektron boshqaruv bloki signallarining avtomat ravishda yutilishini ta’minlaydi.

Avtomobilni kalitsiz masofadan boshqarish (dvigatelni yoqish va o‘chirish, eshiklar va yukxona bo‘limini masofadan ochish va qulflash), rul chambaragini ikki nafar haydovchi uchun belgilangan harorat mezonlarini saqlab qolish xususiyatiga ega qizdirish imkoniyati mavjud.

O‘zbekiston bozorida mashina to‘rt rangda chiqariladi: marvaridli oq, tutunli oq, to‘q kulrang va qora.

Kompaniyadan ma’lum qilinishicha, avtomobillar uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatda yetkazib beriladi. Avtomobil narxi, ishlab chiqaruvchi сайтидагиma’lumotlарga ko‘ra, 210 mln so‘mni (xalqaro plastik karta bo‘yicha hisob-kitobda — 110,852 mln so‘m)ni tashkil etadi.